Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov boshchiligidagi turizm va madaniyat sohasi vakillarining yaqinda Malayziya va Indoneziyaga xizmat safari davomida Indoneziyaning “NET MEDIA” kompaniyasida uchrashuv o‘tkazilib, kompaniya vakillari O‘zbekistonga taklif etilgan edi.

Ayni kunda kompaniya ijodiy xodimlari Samarqandda bo‘lib, viloyatning turizm salohiyatini Indoneziyada keng targ‘ib qilish maqsadida tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishmoqda. Ijodiy guruh yurtimiz tarixi, madaniyati va bugungi kuni haqida hujjatli film suratga olmoqda.
****
2023 yil 21 fevral kuni soat 22:00 larda M-39 avtomobil yo‘lining Bulung‘ur tumanida joylashgan “Yuqori nuqta” yo‘l-patrul xizmati maskanida “Lacyetti” rusumli avtomobil to‘xtatilganda mashinadagi yo‘lovchining xatti-harakatlari xodimlarda shubha uyg‘otgan. Shu sababli yo‘lovchi A.R. tekshirib ko‘rilganda, uning yonidan o‘tkir hidli, giyohvandlik moddasiga o‘xshash o‘simlik topilgan.

Holat rasmiylashtirilib, fuqaro A.R. va topilgan modda Bulung‘ur tumani IIBga topshirildi.
****
Oqqo‘rg‘on tajribasi asosida Ishtixon tumanida aholi muammolarini aniqlash va hal etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari tomonidan bog‘cha va umumta’lim maktablarining holati o‘rganilib, aniqlangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, 38-umumta’lim maktabidagi o‘rganish ishlaridan so‘ng muassasaga bitta interaktiv doska hamda karaoke to‘plami, shuningdek, 3-sektor hududidagi kam ta’minlangan oilalarning maktablarda o‘qiyotgan 23 nafar farzandlariga issiq kiyim-bosh sovg‘a qilindi.

Bundan tashqari, hududdagi 11-, 21-, 37-, 56-, 86-umumta’lim maktablari kutubxonalariga badiiy adabiyotlar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
G‘.HASANOV,
O‘zA