Samarqand va Valensiya o‘rtasida hamkorlik o‘rnatiladi
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan YUNESKOning “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro dasturi prezidenti Xose Mario Chikillo Barber bilan uchrashdi.
E.Turdimov O‘zbekiston hamda Ispaniya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganligi mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik munosabatlari uzoq o‘tmishga borib taqalishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Suhbatda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama etilib, Samarqand va Valensiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash haqida so‘z yurtildi.

– Valensiya muxtor provinsiyasi Ispaniyaning eng ko‘hna mintaqalaridan biri – dedi Xose Mario Chikillo Barber. – Sayyohlik Valensiya iqtisodiyotida eng muhim tarmoq hisoblanadi. Provinsiya mehnatga layoqatli aholisining 15 foizdan ortig‘i ushbu sohada faoliyat ko‘rsatadi. Ayniqsa, keyingi yillarda sayyohlik mazkur mintaqa iqtisodiy rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Shu jihatdan Valensiya va Samarqand o‘rtasida birodarlashgan shaharlar aloqalarini o‘rnatish juda muhim va bu ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.

Erkinjon Turdimov Ispaniya turizm sohasida ulkan natijalarga erishgan va bu borada ilg‘or tajribaga ega mamlakat ekanligini ta’kidlab, “Valensiyada Samarqand kunlari” va o‘z navbatida “Samarqandda Valensiya kunlari” kabi madaniy-sayyohlik tadbirlarini o‘tkazish zarurligini qayd etdi.

G‘.HASANOV, O‘zA