Samarqand va Turkiston turizm sohasida hamkorlik qiladi
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati hokimi Nuralxan Kusherov boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga tashrif buyurdi.
Mehmonlar dastlab Samarqanddagi sayyohlik manzillari, tarixiy-madaniy yodgorliklarda bo‘lib, viloyatning turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Samarqand turizm akademiyasi, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishuv chog‘ida keyingi yillarda yurtimizda turizmni rivojlantirish borasidagi islohotlar va uning natijalari, soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va Turkiston viloyati hokimi Nuralxon Kusherov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar mintaqalararo hamkorlikka ham katta turtki berayotgani qayd etildi.
[gallery-26135]
Xususan, Samarqand viloyati Qozog‘istonning bir qator viloyatlari bilan yaqin aloqa o‘rnatgani, Turkiston viloyati bilan ham turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi bildirildi.
Ikki viloyat yetakchilari turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish Samarqand va Turkiston uchun ham manfaatli bo‘lishi, bu, ayniqsa, o‘zbek va qozoq xalqlarining azaliy do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik munosabatlariga to‘la mos kelishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda A.Boboyev va N.Kusherov turizm yo‘nalishidagi taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro hamkorlik memorandumi imzoladilar.
Turkiston viloyati rahbari boshchiligidagi tadbirkorlar va turizm sohasi vakillari Samarqand xalqaro turizm markazida ham bo‘lib, bu yerda sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoit va xalqaro standartlarga mos xizmatlar bilan tanishdilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari