Samarqand turizmi yangi xorijiy sarmoyadorlarnijalb qilmoqda
Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish, sohaga xorijiy sarmoya jalb etishga qaratilgan yana bir muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshidbek Samiyev ozarbayjonlik yirik investor Ilg‘or Mamedov boshchiligidagi delegatsiyasi bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor ko‘hna shaharning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy infratuzilmani takomillashtirish hamda yangi investitsiya loyihalari amalga oshirishga qaratildi.
Muloqot davomida Ilg‘or Mamedov jamoasining Germaniya va Turkiyadagi muvaffaqiyatli biznes faoliyati, shuningdek xalqaro miqyosda amalga oshirgan loyihalari haqida ma’lumot berdi. Ushbu tajriba Samarqandda yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Xususan, xorijlik investor shaharda zamonaviy ko‘ngil ochar infratuzilma loyihalarini yo‘lga qo‘yish rejasini taqdim etdi. Tashabbusga ko‘ra, viloyatda aero-turizm xizmati, jumladan havo sharlari, mikrolayt (uchar mototsikl) va harakatlanuvchi animatsion dinozavrdan iborat mazmunli xiyobon kabi innovatsion turizm yo‘nalishlari joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda ozarbayjonlik tadbirkorga Urgut tumani Uzunsoy qishlog‘ida, shuningdek Samarqand tumanidagi tog‘li hududda eko va dino parklar ochish bo‘yicha aniq taklif berildi. Bunday loyihalar tabiiy resurslardan oqilona foydalanib, ekologiya turizmini rivojlantirish va yangi sayyohlik maskanlari yaratishni nazarda tutadi.
Muhokama chog‘i Ilg‘or Mamedov viloyatga 3 million dollardan ziyod sarmoya kiritish rejasini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu mablag‘ zamonaviy turistik infratuzilma shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi mas’ullari ta’kidlashicha, investitsiya muhitini yaxshilash va turizmni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Shu bilan birga, tarixiy va madaniy meros ob’ektlarini asrash masalasi ham alohida ahamiyatga ega.
Xorij delegatsiyasi a’zolarining viloyat Turizm boshqarmasi mas’ullari bilan suhbatida sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan kompleks dasturlar taqdim etildi. Muloqot davomida yangi sayyohlik yo‘nalishlariochish, xizmat sifatini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, masalan zamonaviy attraksionlar sonini ko‘paytirish hamda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish masalalari ustuvor ekaniga urg‘u berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, investitsiya loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldilar.
Nodira Kayimova, O‘zA