Samarqand sudlari yarim yilda 1111 shaxsni yarashgani uchun jinoiy jazodan ozod qildi
Samarqand viloyat sudida viloyat, tuman va tumanlararo sudlar tomonidan joriy yilning birinchi yarmi davomida odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlagan holda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Samarqand viloyati sudi raisi Dilshod Rajabov hamda rais o‘rinbosarlari – jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari rahbarlari hisobot davridagi faoliyatlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlari tomonidan olti oyda 12919 nafar shaxsga nisbatan 11915 ta jinoyat ishi va materiallar ko‘rib tamomlandi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,9 foizga oshgan). Tamomlangan jinoyat ishlarining 4457 tasi bevosita jinoyat ishlari bo‘lib, ular bo‘yicha 4223 nafar shaxsga ayblov hukmi chiqarildi, 3 nafar shaxs esa oqlandi. Ishlarning 19,8 foizi (888 tasi) sayyor sud majlislarida ko‘rildi.

1111 nafar shaxs yarashuv asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi, 465 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod etildi. Probatsiya xizmati taqdimnomalariga asosan 2035 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. Mahalla kafilligi asosida 1 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi.
Sudlar tomonidan 50 338 nafar shaxsga nisbatan 42 089 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 64 foizga ko‘p demakdir. Natijada 25053 nafar shaxsga jarima, 4794 nafariga ma’muriy qamoq jazolari tayinlandi.
Viloyat sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Oybek Hasanovning qayd etishicha, yilning birinchi yarmida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 89 ming 461 ta ish ko‘rilgan. Jumladan, nikohdan ajratish bilan bog‘liq 4340 ta da’vodan 2077 tasi qanoatlantirilgan, 245 ta oila esa yarashtirilgan. Ish haqi undirish bo‘yicha xodimlar foydasiga 18,7 milliard so‘m mablag‘ undirildi hamda 60 nafar xodimning buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, ishga qaytarildi. Bolalar ta’minoti uchun 5623 ta ish bo‘yicha aliment undirish qarorlari qabul qilindi.

Viloyatdagi iqtisodiy sudlar tomonidan 12 ming 761 ta ish mazmunan ko‘rilib, da’vogarlar foydasiga jami 513 milliard 889 million so‘mdan ziyod mablag‘ undirish haqida sud hujjatlari qabul qilindi. Nizolarning 59 foizi ma’muriy-huquqiy, 37 foizi fuqarolik-huquqiy munosabatlarga oid bo‘ldi.

Hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan 1750 ta murojaat o‘rganilib, tegishli tushuntirishlar berildi va ijobiy hal etildi. Sud raislari va sudyalarning shaxsiy hamda sayyor qabullarida 1300 dan ortiq fuqaro qabul qilinib, ularning muammolari tinglandi va qonuniy yechimlar topildi.


Matbuot anjumani davomida Samarqand viloyat sudi rahbariyati ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri