Samarqand shahrining har qarichida tarix yashirin
Hozirgi kunda Samarqand xalqaro aeroportida keng ko‘lamli qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani, aeroport hududini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha yer maydoni ajratilganidan ko‘pchilikning xabari bor. Hududdagi qazish va tuproq ishlari davomida marmar qabrtoshlar topildi.
Ushbu qabrtoshlar hozirgi vaqtda O‘zRFA Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti professori Dilfuza Jo‘raqulova boshchiligidagi tadqiqotchilar Muhammad Buzrukov va Alisher Sandiboyev tomonidan o‘rganilmoqda. Qabrtoshlardagi yozuvlar tozalanib, dastlabki ma’lumotlar aniqlandi.

Birinchi qabrtosh sandiq shaklida bo‘lib, oq marmardan ishlangan. Uning ust va yon tomonlariga Qur’oni karimning Baqara surasi, 254, 256-oyatlari tushirilgan. Qabrtoshda “Oqila bibi” degan yozuv aniqlandi. Lavhning ayrim qismlari yaxshi saqlanmagani uchun marhumning dafn etilgan vaqti va to‘liq ism-sharifi haqida ma’lumot olish qiyin bo‘lmoqda.
Ikkinchi qabrtosh ham sandiq shaklida bo‘lib, qora marmardan ishlangan. Qabrtoshda hijriy 1049 yil sanasi bitilgan. Hozirda tadqiqot ishlari davom etmoqda. Tadqiqot yakunida bu borada ma’lumot beriladi. Qabrtoshlar saqlash uchun Samarqand o‘lkashunoslik muzeyiga yetkaziladi.

– Samarqand shahrining har bir qarichida o‘tmish yashirin. Buyuk tariximizdan hikoya qiluvchi osori-atiqalar xalqimiz uchun juda qimmatli. Biz topilmalar ustida tadqiqot olib borayapmiz. Buning uchun universitetimizda tajribali olimlar yetarli. Samarqand tarixini o‘rganish nafaqat xalqimiz, balki dunyo uchun g‘oyat muhim. Samarqand xalqaro aeroportidan topilgan qabrtoshlar ham biz olimlarni befarq qoldirmaydi. Tez orada o‘z ilmiy xulosalarimizni beramiz, – deydi Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti dekani Dilfuza Jo‘raqulova.
– Qabrtoshlar Ashtarxoniylar hukmronligi davriga taalluqli ekani aniqlandi. Bunday toshlar temuriylar davridan boshlab qo‘yila boshlangan, – deydi Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti o‘qituvchisi Muhammad Buzrukov. – Toshdagi yozuvlar nafis xattotlik uslubida bitilgan. Toshlarning og‘irligi taxminan 1 tonna, kichkinasi 600-700 kilogramm. Bu kabi toshlar Go‘ri Amir va Registon majmualarida uchraydi.

Behruz Shamsiddinov