Samarqand shahrida suv ta’minoti yaxshilanmoqda
Abu Dabi jamg‘armasi ishtirokida Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha 2 ta suv inshooti, 6 ta nasos stansiyasi, 11,2 kilometr suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish maqsadida 31,5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 8 sentyabrdagi “Abu Dabi jamg‘armasi ishtirokida Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida yil boshidan buyon 6,8 million dollar mablag‘ moliyalashtirilib, 5,4 million dollar o‘zlashtirildi.
– O‘tgan davr mobaynida “Cho‘pon ota” va “Dahbed” suv inshootlarida (D-300-1400) 12,5 kilometr quvur, elektr tarmoqlari va transformatorlar montaj qilinib, binolarning poydevor qismini izolyatsiya qilish ishlari amalga oshirildi, – deydi “Samarqand suv ta’minoti” AJ Samarqand shahar filiali mas’ul xodimi Samandar Ismatov. – Shuningdek, inshootlardagi 30 ta suv qudug‘i burg‘ulanib tozalandi. Ayni paytda “Cho‘pon ota”, “Dahbed” va “Lev Tolstoy” suv inshootlari, “Gormolzavod”, “Mikrorayon “A” va “B”, “Mo‘liyon”, “Beruniy” va “So‘g‘diyona” nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish ishlarini yakunlash va obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda. Shaharning Buyuk ipak yo‘li va Taraqqiyot ko‘chalari kesishmasida D-500 millimetr bo‘lgan suv tarmog‘i “Mikrorayon “A” va “B” nasos stansiyasiga boradigan suv tarmog‘iga hamda So‘g‘diyona nasos stansiyasidan chiqqan D-200 millimetr bo‘lgan suv tarmog‘i magistral suv tarmog‘iga ulandi. So‘g‘diyona nasos stansiyasida ta’mirlash, jihozlarni yangilash ishlari amalga oshirildi. Bu ishlar natijasida shu paytgacha soatbay tarzda ichimlik suvi olgan 20 ta mahalladagi 42 ming aholi doimiy toza ichimlik suv bilan ta’minlandi. Ayni paytda Farhod shaharchasidagi ikkita mahalladagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi bir ming nafardan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minotini ham uzluksiz tizimga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
Abu Dabi jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan mazkur loyiha doirasidagi ishlarni “MESMER-EAST” MCHJ va “GÜÇLÜ INŞAAT” pudratchi tashkilotlari amalga oshirmoqda. Qurilish va rekonstruksiya ishlariga Eron, Turkiya va Xitoy mamlakatlaridan mutaxassislar jalb qilingan.
[gallery-25562]
– Samarqand shahrida aholi ko‘p, shu bois odamlarning talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda inshootlarning qurilish-ta’mirlash ishlarini butun dunyoda tan olingan Germaniya va Angliya texnologiyalari asosida olib boryapmiz, – deydi “MESMER-EAST” MCHJ bosh texnologi Dovidi Boboi. – Bu texnologiyalar orqali kamida 50 foiz elektr energiyasi va qariyb 80-90 foiz ichimlik suvi tejaladi. Asosiy ishni texnika bajaradi hamda mutaxassislar nazorat qilib boradi. Loyiha 2026 yilda to‘liq yakunlanadi, joriy yilda esa “So‘g‘diyona”, “Lev Tolstoy”, “Gormolzavod” nasos stansiyalarida rekonstruksiya ishlarini tugatib, foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari