Samarqand oromgohlarida birinchi va ikkinchi davrada 4500 bola sog‘lomlashtirildi
Joriy yilgi yozgi ta’til davrida Samarqand viloyatidagi 14 ta oromgohda 8710 nafar, 57 ta umumta’lim maktabida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maydonchalarida 12800 nafar o‘quvchini qamrab olish ko‘zda tutilgan.
– Viloyatdagi doimiy oromgohlarda, jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tasarrufidagi 10 ta oromgohimizda bu yil 7000 nafarga yaqin bola dam oladi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilicheva. – Bu oromgohlarimiz iyun oyining ikkinchi o‘n kunligidan faoliyat boshladi va 5 davrada o‘quvchilarni qabul qilishi rejalashtirilgan. Shu paytgacha, birinchi va ikkinchi davra davomida viloyat bo‘yicha 4500 nafar bolajonlar so‘lim maskanlarda mazmunli dam oldi. Ular uchun sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy to‘garaklar, madaniy kechalar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi dasturlar tashkil etildi. Oromgohdagi 12 kunning har bir kuniga nom berilib, shunga mos tadbirlar, intellektual o‘yinlar va sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Shu paytgacha barcha oromgohlar o‘rganilib, bino va inshootlarning holatiga qarab, ta’mirlash va jihozlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bu jarayon mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan muvofiqlashtirilib, asosiy e’tibor bolalarning xavfsizligini ta’minlash, maroqli hordiq chiqarishiga qaratildi.

2026-yilgi yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini yuqori saviyada tashkil etish va oromgohlarning mavsumga puxta tayyorgarligini ta’minlashda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi bayonnomasi asosida biriktirilgan mas’ul tashkilotlar rahbarlarining xizmatlari katta bo‘ldi. Ular tomonidan olib borilgan doimiy nazorat, amaliy ko‘mak va tizimli ishlar oromgohlarning mavsumga to‘liq shay holatga keltirilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Mas’ul rahbarlarning tashabbuskorligi, yuqori mas’uliyati va sohalar kesimidagi samarali hamkorligi natijasida oromgohlarning faoliyati yaxshilandi, mavjud kamchiliklar qisqa muddatlarda bartaraf etildi hamda sanitariya, xavfsizlik va xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha belgilangan talablarning to‘liq ta’minlanishiga erishildi. Eng muhimi, bolalar uchun xavfsiz, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega dam olish muhiti yaratildi.
Viloyatda bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish ishlari davom etmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri