Samarqand olamshumul tamaddun markaziga aylanadi
“Shayxulislom” va “Hidoyat dahosi” deya sharaflangan Imom Moturidiy Movarounnahr mintaqasidagi ahli sunna val jamoa mazhabining ulugʻ faqihlaridan biri edi.
Maʼnaviy meros
“Shayxulislom” va “Hidoyat dahosi” deya sharaflangan Imom Moturidiy Movarounnahr mintaqasidagi ahli sunna val jamoa mazhabining ulugʻ faqihlaridan biri edi. Zero, uning oʻzi Abu Hanifaga nisbat beriluvchi hanafiy mazhabida boʻlishiga qaramay, Movarounnahr diyorida yashovchi hanafiy sunniylar oʻzlarini u kishiga nisbat beradilar. Buning sababi shuki, Imom Moturidiy Abu Hanifaning “usuli”, sharhlash va bayon tarzini ham toʻliq olgandi. Goʻyoki Imom Aʼzam hazratlari Imom Moturidiy yursin uchun bir chiziq tortgandek, hayratomuz!
Hanafiylar ham fiqh, ham aqida bobida oʻzlarini Moturidiy nomi bilan bogʻlashlari bu zotning islom ummati orasida naqadar oʻchmas iz qoldirganining yorqin isbotidir.
Imom Moturidiyning butun hayoti Samarqandda oʻtdi: shu yerda tugʻilib, yashab ijod qildi va shu yerda vafot etdi. Oʻzimning “Saddu-s-sugʻur bi-siyrati Abi Mansur” nomli kitobimda qayd etganimdek, bu holat mahalliy aholining ulugʻ imomga boʻlgan vafosini anglatadi. Ular imomning shaʼnini himoya qiladilar, shu bois u zotga eng yaqin va eng haqli insonlar ham ular hisoblanadi, albatta. Yana Moturidiydek daholari borligidan ham faxrlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridan xabar topganimda, bagʻoyat quvondim. Ushbu markaz azim oʻlkaning ilmiy merosini qayta jonlantirish va tadqiq etish yoʻlida soʻnggi yillarda tashkil qilingan markazlardan biri boʻladi, albatta.
Men joriy yilning mart oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzuidagi xalqaro konferensiyada Al-Azharning muhtaram shayxi doktor Ahmad Tayyib boshchiligidagi islom ummatining bugungi zabardast olimlari safida qatnashib, respublika hukumatining mehmondoʻstligidan bahramand boʻlish baxtiga musharraf boʻlgan edim.
Shunday qilib, moturidiylik gʻoyalarini olamga taratuvchi markaz ochilishi uchun koʻp vaqt ketmadi ham. Moturidiy borligʻi Oʻzbekistonning Samarqandidan boʻlishiga qaramay, u faqat samarqandliklarning mulki emas, balki oʻzini bu buyuk ummatning merosi bilan bogʻliq his qiluvchi har bir musulmon va faqihga ham tegishlidir. Shu sabab markazning xalqaro maqomga ega boʻlishi ayni muddaodir. Chunki bu bilan Imom Moturidiy ilmiy merosini oʻrganuvchi ham oʻzbekistonlik, ham xorijlik olimlar qamrab olinadi. Shuningdek, markazning mamlakatdagi eng yirik ilmiy muassasa xisoblanuvchi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etilganligi ham juda toʻgʻri karordir.
Oʻylaymanki, ushbu markazni tashkil etishdan koʻzlangan bosh maqsadga erishish yoʻlidagi eng asosiy vazifa Imom Moturidiy maktabiga boʻlgan bugungi dolzarb ehtiyojni inobatga olib, mutaxassis va boshqa mutasaddilarni jalb etgan holda Imom Moturidiy ilmiy merosi va maktabini mavjud vositalar yordamida keng tushuntirish, soddalashtirish, nashr qilish va tadqiq etish orqali qayta jonlantirishdir. Bu vazifa faqat musulmonlar bilangina cheklanib qolmaydi, balki uch jabhadagi kurash bilan ado etiladi.
Birinchi jabha – sogʻlom aql va toʻgʻri naqlni oʻzida mujassam etgan haqiqiy salafi solihlarning aqidasini tarqatish orqali ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish. Chunki bu ummat, ayniqsa, uning ehtirosli yoshlari gʻoyaviy taʼlimot maydonidan ahli sunnaning moturidiylik maktabi uzoqlashtirilishi natijasida turli azob-uqubatlarni tatib koʻrdi va hamon uning asoratlaridan aziyat chekmoqda. Hatto, musulmonlar hamda islom dini ekstremizm va terrorizmda ayblandi. Bularning barchasi – toʻgʻri, oqilona murojaatning yoʻqolgani, Moturidiy kabi buyuk imomlarning usullaridan uzoqlashilgani hamda ularning ilmsiz yoshlar tomonidan obroʻsizlantirilgani tufaylidir.
Ikkinchi jabha – dinsizlikka qarshi turish. U yoshlarimiz va ummatimizni tubsiz orzu-istaklar girdobiga gʻarq qilish maqsadiga qaratilgan boʻlib, chegarasiz orzu-istaklar musulmonni har tomondan qurshab oladi. Zero, orzu-istaklar va shubha-gumonlar oʻzaro ajralmas doʻstdir. Shuningdek, din borasida shubha uygʻotish ishi ham allaqachon mavjud boʻlib, unga turli muassasalar homiylik qilmoqda. Hatto butun dunyo boʻylab uning homiylari topiladi. Shu bois biz ham xuddi bir zamonlar Imom Moturidiy va u kishining shogirdlari qilganidek, odamlarga imonning ratsional dalillarini tanishtirishga majbur boʻldik. Shundan kelib chiqadiki, bu maktabning xulosalari va koʻrsatmalari bugungi kun uchun ham mos tushadi.
Uchinchi jabha – islom ummatining ilm-fan va tamaddundan ortda qolishiga qarshi turish. Bu qarshilik esa xuddi Imom Moturidiy va uning maktabi qabul qilgan hamda ilm-fanni yangicha tasavvur bosqichiga koʻtaruvchi, shu bilan birga, vahiydan uzilmagan va ajratilmagan islomiy bilish nazariyasiga tayangan holda boʻladi. Mazkur bilish nazariyasining asosiy bosqichlarini Imom Moturidiy oʻzining birinchi kitobi “At-tavhid”da bayon etgan edi. Qolaversa, “Taʼvilot al-Qurʼon” nomli tafsirida ham uning koʻplab bosqichlarini qayd etib oʻtgan. Yevropaliklar esa bu nazariyaning ahamiyatini Moturidiydan qariyb 700-yil keyin ingliz faylasufi Jon Lok tufayligina tushunib yetdilar.
Hayratlanarlisi, moturidiylik islom renessansi davrida hamda musulmonlarning eng gullab-yashnagan asrlarida yetakchi gʻoya boʻlgan edi.
Darhaqiqat, ushbu markazning tashkil etilishi butun dunyo uchun muhim xabar boʻlib, buyuk olimlarning vorislari boʻlmish biz – musulmonlar Samarqand, Buxoro va islom dunyosining boshqa shaharlarida ota-bobolarimiz barpo etgan merosga tayanib, bashariyat tamadduni rivojiga yana qaytadan hissa qoʻsha olamiz. Moʻmin-musulmonlarning qalblari oʻsha ziyoratgohlarni tavof qilishga moyil boʻlib qolaveradi. Al-Azhar shayxi doktor Ahmad Tayyibning soʻzlari bilan aytganda, musulmonlarning tanalari Kaʼbani tavof qilganidek, ularning qalblari Samarqandni tavof qiladi.
Shubhasiz, men, Imom Moturidiy markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni olqishlayman va Alloh taolodan Samarqandning avvalgi davrdagidek shon-sharafga, Oʻzbekistonning esa oʻz olimlari va sadoqatli oʻgʻlonlari bilan dunyoda ilmiy sarbonlikka qaytishini soʻrab, duo qilaman.
Umid qilamanki, Samarqand islom ilmlarini tarqatish oʻchogʻi va islomiy ilmlarni oʻrganish uchun dunyoning turli burchaklaridan ilm-fan namoyandalari tashrif buyuradigan olamshumul tamaddun markaziga aylanadi. Ishonamanki, Oʻzbekistonning ilmiy shon-sharafini qayta tiklash borasidagi qarorlar tarix sahifalariga oltin harflar bilan yoziladi va kelajak avlodlar mutasaddilarning bugungi saʼy-harakatlarini esdan chiqarmaydilar.
Ahmad Saʼd DAMANHURIY,
misrlik moturidiyshunos olim.