Samarqand davlat universitetining faol talabalari taqdirlandi
Samarqand davlat universitetining o‘qishda va jamoat ishlarida faol talabalariga universitet rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi sertifikatlari topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda o‘quv dargohi prorektori Ahmadjon Soliyev, o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
– O‘qishda har bir kunimiz erkin ijodiy muhitda, ilmiy izlanishlarda o‘tadi, – deydi kimyo fakulteti talabasi Aktambek Omonov. – Universitet tomonidan o‘tkaziladigan barcha loyihalar jiddiy tayyorgarlik asosida o‘tadi. Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanamizda Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar, Istanbul universiteti rektori Mahmud AK ishtirok etdi.
Bir qator darslarimizni xorijlik professor-o‘qituvchilar o‘tadi. Mana shunday sharoitda o‘qiyotganimizdan xursandmiz. Bunday imkoniyatlarga javoban biz talabalar yanada faol bo‘lishga harakat qilamiz.
Nozimbek Mardonov, O‘zA