Salomatlik posbonlari o‘zaro bahslashdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bolalar tibbiy reabilitatsiya markazida tibbiyot muassasalari xodimlari orasida sportning mini futbol, shashka, shaxmat va stol tennisi bo‘yicha spartakiada musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur musobaqa tibbiyot muassasalari xodimlarini jismoniy faolligini oshirish, salomatliklarini mustahkamlash, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi qo‘shma qarori asosida tashkil etildi.

Spartakiada musobaqalari yakunida mini futbol bo‘yicha birinchi o‘rinni Chimboy tuman tibbiyot birlashmasi, ikkinchi o‘rinni Kegayli tuman tibbiyot birlashmasi, uchinchi o‘rinni esa Shumanay tuman tibbiyot birlashmasi jamoalari egallashdi. Boshqa sport turlari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Spartakiada g‘oliblari O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Musobaqalarning har bir sport turi bo‘yicha g‘oliblari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan final bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri