Saliy bobning jaydari falsafasi
Urushda gʻolib podshoh, gʻolib sarkarda, gʻolib armiya boʻlishi mumkin, ammo gʻolib inson boʻlmaydi. Urush – oʻz nomi bilan urush.
Gʻalabaning 75 yilligiga
Urushda gʻolib podshoh, gʻolib sarkarda, gʻolib armiya boʻlishi mumkin, ammo gʻolib inson boʻlmaydi. Urush – oʻz nomi bilan urush.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Saliy Gʻaniyevning nur qochgan koʻzlariga qarar ekanman, oʻsha yillarni oʻzimcha tasavvur chizgisida koʻraman. Anglaymanki, bu yillar tasavvurimdan koʻra ancha dahshatli boʻlgan.
Prezident sovgʻa qilgan soat
– Bolaligim ocharchilik yillariga toʻgʻri keldi, – deydi qahramonimiz. – Kurmakni maydalab, qaynatib ichardik. Hech qachon nolimaganmiz. Oʻn yetti yoshimda frontga yoʻl olganman va shundan beri jangchiman. Bu kuchsiz qoʻllarimga qarab baho bermang, yuragim urib turar ekan, hali kuchimni yoʻqotganimcha yoʻq, – deb qoʻllari bilan koʻksini uradi. Otaxonning xalqimizga xos jaydari feʼlidan zavqlanaman.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanining Qarajon qishlogʻida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon va Sovet-yapon urushlari qatnashchisi 97 yoshli Saliy Gʻaniyev 2018-yilda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan sovgʻa qilingan soatni hech vaqt qoʻlidan yechmaydi.
– Umrimiz shu soat millaridek tez harakatlanyapti. Ortda qolgan yillarni sarhisob qilsam, besamar yashamaganman deb oʻylayman. Ikkita urushni koʻrdim. Yillar yaqinlarimdan ayirdi. Ammo qalbimning tub burchagida jangchiga xos xislat bor, bu – matonat. Mana shu matonat umrim boʻyi meni yiqilsam qayta turishga undadi. Ovuldagilarning hurmatini koʻrib, xursand boʻlaman. Bilasizmi? qishloqda Saliy ismli kishilar koʻp. Menga havas qilib qoʻyishganda, – deydi bolalarcha maqtanib.
Tanasidan quvvat qochgan, soʻzlashga qiynaladigan, suronli yillar oʻz hukmini oʻtkazgan, bir vaqtlar janggohlarda alp-azamat boʻlgan zenitchi-pulemyotchi otaxonning xotiralarini tinglar ekanmiz, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabada hissasi kattaligiga amin boʻlamiz.
Suhbat chogʻida otaxon qoʻlimizga eskirgan, ayrim varaqlari titilgan ancha yillar oldin yozilgan qoralamani tutdi. Undan ayrim parchalarni keltiramiz...
Urush yillari xotiralari
“Qoʻshnimiz Muratbay amaki harbiy edi. Uning toʻpponchasi, kiyimi, viqorli qarashlari biz bolalarni hayratlantirardi. Koʻchamizdagi koʻpchilik bolalar unga oʻxshashni xohlaganmiz. Oʻzimizni ulardek savlatli tutishga harakat qilardik. Bir kuni adashmasam, oʻn yoshlar edim. Mahallamiz bolalari bilan “urush-urush” oʻynadik. Men jamoa sardoriman. Shunda jamoamdagilar dushman askarlaridan birini olib keldi, qoʻlimdagi tayoqni toʻpponchaga oʻxshatib, uning peshonasiga tirab: “Soʻnggi soʻzing nima, hozir joningni olaman, tez ayt” dedim. Uzoqdan bizni kuzatib turgan otam yonimga keldi va yuzimga tarsaki tushirdi. Qoʻlimni mushtlab turardim, qattiq orlandim. Otam bilan gaplashmay yurdim. Oradan uch kun oʻtib otam bu oʻyinni boshqa oʻynamasligimni, urush aslida qoʻrqinchli boʻlishini, hech qachon odamning jonini ogʻritmaslikni aytdi. Ammo men soʻzimda turolmadim. Ilk marta jang maydonida dushmanning koʻziga qarab oʻq otganim hali-hamon yodimda.
1942-yili frontga, urush oʻchogʻiga joʻnatildim. Zenitchilar polkida pulemyotchi boʻlib xizmat qildim. Janggohlarda dushman qoʻshinining uchar texnikalarini yoʻq qilishda qatnashdik. Rossiyaning Murmanskdagi portida fashistlar tomonidan amalga oshirilgan avia hujumda eng yaqin doʻstimni yoʻqotdim. U bilan bir safda xizmat qilardim. U qozogʻistonlik Bazarbay edi. Bazarbayning oʻlimi meni haqiqiy jangchiga aylantirdi. Endi oʻlimdan qoʻrqmasdim. Guruh aʼzolari bilan birgalikda dushmanning avia hujumini bartaraf qildik. Oʻshanda biz bitta stvolli zenit qurilmalaridan foydalandik. Keyinchalik Amerikadan ikki va toʻrt stvolli uskunalar keltirilganidan soʻng dushman aviatsiyasiga qarshi kurashish anchayin osonlashib qoldi.
1943-yil avgust. Xarkovda boʻlgan avia hujum paytida guruh aʼzolaridan Igor ogʻir jarohat oldi. Biz oʻqchisiz qoldik. Oy yorugʻida, daraxtlarni panalab, dushman askarlariga qarab oʻq uzdim. Pistirmadan hujumga oʻtdik. Uchinchi marta biz dushman qoʻshinining mudofaa chiziqlarini kesib oʻtib, avia oʻchoqlarini yoʻq qildik. Jang bir kechaga choʻzilgandi. Ikki taraf ham holdan toygan, biz oxirida qoʻl jangiga kirishib ketdik. Ulardan birini miltiqning qoʻndogʻi bilan urib qulatdim. U jon achchigʻida qoʻlidagi oʻtkir tigʻli narsani koʻksimga sanchdi. Artilleriya hujumi boshlanib, dushman tor-mor qilindi. Men ogʻir jarohatlanib, gospitalga tushdim. Komandirimiz oldimga kelib: “Sizlarga rahmat. Eng katta ishni amalga oshirdinglar. Sizlar yoʻq qilgan hudud fashist askarlarining maxfiy aviatsiya bazasi ekan”, deb yelkamga qoʻlini qoʻydi.
1944-yil yanvar. Dnepr daryosi boʻyida shiddatli jang boʻldi. Dushman qoʻshini biz turgan okoplargacha yetib keldi. Toʻsatdan boʻlgan hujumga tayyor boʻlishimizga qaramay, fashistlar pistirmadan oʻqqa tutishdi. Butun guruh ichida bizning chekimizga “harbiy tuzoq tushdi”. Bu dushman tomonga qarab granata olib, yugurish edi. Baʼzilar granataga qoʻshilib, yoʻq boʻlardi. Ayrimlari esa chap berardi. Guruh aʼzolari ichidan buni men boʻynimga oldim. Granata oʻralgan tugunni belimga bogʻlab, dushman tomonga qarab yugurdim. Meni oʻqchilar himoyaga olishdi. Ular yordamida fashist askarlari menga oʻq uzolmadi. Tugunni qoʻlimga oldim va qarshi tomonga qarab otdim. Koʻz oldimga qolgan oxirgi manzara bu – dushman bayrogʻining yerda yotgani edi. Koʻzimni ochganimda esa gospitalda edim...”
Saliy bobo Ikkinchi jahon urushidan soʻng, Sovet-yapon urushida ham zenitchilar polki bilan birga jang qiladi. 1948-yilda zaxiraga boʻshatilib, ona yurtiga qaytadi.
Jang maydonida dushman askarlari bilan kurashib, xat yozishga vaqti boʻlmagan Saliy ota urushdagi olti yillik umri davomida uyiga atigi 8-marta maktub yozadi.
“Syurpriz”
Qoraqalpoqliklarga xos qitmirligi ketmagan Saliy ota uyiga qaytayotganligini hech kimga aytmaydi. Urushdan qaytgan askarlar mashinada shahar, tuman markaziga olib kelinardi. Saliy ota atayin ular bilan qaytmay, oʻzi qaytadi. Uydagilariga “syurpriz” qilmoqchi boʻladi. Uydan ketayotganida yosh, navqiron, koʻrkam boʻlgan yigit, hassaga suyanib kelgandi. Ammo eng muhimi u tirik edi.
Urushdan keyingi yillar ham oson boʻlmadi. Urush tugagan boʻlsa-da, ammo u yetkazgan talafotlar oʻrnini qoplash uchun koʻp yillar kerak boʻldi. Tinch hayotga qaytib, Nukusda Ustyurt ekspeditsiyasida oʻn yil, undan keyin koʻp yillar kolxozda paxta yetishtirish ishlarida jonbozlik koʻrsatdi.
Saliy Gʻaniyevning mehnatlari munosib baholandi. Urushdan qaytganida unda 7 ta medal bor edi. Keyinchalik hukumatimiz tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlanib, har bayramlarda munosib ragʻbatlantirilib kelinmoqda.
Jangchi qachon haqiqiy qahramonga aylanadi?! Qachonki uning mardligi va jasorati xalq uchun xizmat qilsa. Oramizdagi tirik qahramon, mardonavor hayoti barchaga oʻrnak boʻlayotgan qariyalarimizning umri uzoq boʻlsin.
Fikrimizni Saliy otaning: “Hurlikka fido boʻlmoq – har yigitga baxtdir, ulugʻ” degan soʻzlari bilan yakunlaymiz.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
Ayjamal JOLDASBAYEVA
OʻzA uchun maxsus tayyorladi.