Saksovulzorlar ekologik barqarorlik garovidir
Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va noyob o‘simlik dunyosini asrab-avaylash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan. Shu bois, Buxoro viloyatining cho‘l hududlarida tabiat muvozanatini saqlashda nazorat tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati Peshku tumani Ekologiya bo‘limi inspektorlari hamda tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida tumanning cho‘l hududlarida navbatdagi nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida fuqaro T.B. boshqaruvida bo‘lgan, davlat raqam belgisiz harakatlanayotgan avtomashina inspektorlar tomonidan to‘xtatildi. Tekshiruv jarayonida mazkur transport vositasida noqonuniy ravishda qazib olingan saksovul o‘simliklari tashilayotgani aniqlandi.

Holat yuzasidan ikki nafar huquqbuzar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Har bir huquqbuzarga 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima belgilanib, tabiatga yetkazilgan zarar 9 million 805 ming so‘mdan hisoblandi.
Shu kabi nazorat tadbiri Romitan tumani Ekologiya bo‘limi, Buxoro davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda tuman idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘limi vakillari ishtirokida ham o‘tkazildi.
Reyd jarayonida Gazli shahar Uchqur cho‘l hududida davlat raqamisiz harakatlanayotgan avtomashina to‘xtatildi. Tekshiruv davomida ushbu transport vositasida o‘rmon fondi yerlaridan noqonuniy ravishda qazib olingan saksovul o‘simliklari olib ketilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat bo‘yicha Peshku tumanida yashovchi fuqaro O‘.B.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, unga jarima qo‘llanilib, tabiatga yetkazilgan zarar 10 million 370 ming so‘m etib belgilandi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, saksovul cho‘l ekotizimining eng muhim o‘simliklaridan biri hisoblanadi. Saksovulzorlar ko‘chma qumlarni mustahkamlaydi, cho‘llanish jarayonini sekinlashtiradi va shamol ta’sirini kamaytiradi. Ularning mavjudligi tufayli havoga tuz va qum zarrachalarining ko‘tarilishi oldi olinadi, chang to‘zonlari kamayadi.
Ayniqsa, yetti yoshli saksovulzorlar shamol tezligini deyarli butunlay to‘xtatish xususiyatiga ega. Bir tup saksovul o‘simligi to‘rt tonna ko‘chuvchi qumni ushlab qolishi mumkin. Shuningdek, bir gektar saksovulzor bir yilda 1135 kilogramm karbonat angidrid gazini yutib, 835 kilogramm kislorod ajratadi. Bu esa havo sifatini yaxshilash, ekologik muvozanatni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA