Said Ahmad hikoyalari turk tilida
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va TURKSOY Xalqaro turk madaniyati tashkiloti oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi onlayn tarzda tashkil etildi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va TURKSOY Xalqaro turk madaniyati tashkiloti oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi onlayn tarzda tashkil etildi.
Tadbir davomida buyuk yozuvchimiz Said Ahmadning universitet dotsenti Xayrulla Hamidov tomonidan turk tiliga tarjima kilingan “Tanlangan xikoyalar”i taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur kitob “TURKSOY” koʻmagida Anqara shahrida nashr qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasining Turkiyadagi Favkulodda va muxtor elchisi, Said Axmad bilan yaqindan tanish boʻlgan Alisher Agzamxodjayev mazkur tadbirning muhim ahamiyatini eʼtirof etib, Turksoy tashkiloti bilan elchixona madaniy tadbirlarni tashkil etishda yakindan xamkorlik kilib kelayotganini aytib oʻtdi. Shuningdek, mashhur yozuvchimiz bilan bogʻliq, yoshlar uchun ibratli hayotiy voqealarni esga oldi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva taʼkidlab oʻtganidek, “Zamonaviy oʻzbek adabiyotida noyob personajlar galereyasini yaratgan, insonlarga xos odob-axloqni folklor uslubi va tavsifning nodir namunasi orqali aks ettirgan Said Ahmad XX asr oʻzbek satirasining ustodi, yirik hajviy asarlar muallifi ham hisoblanadi. Adib asarlarini oʻqir ekanmiz, mashhur oʻzbek yozuvchisi Oybekning psixologik tasvir yaratish mahorati, Gʻafur Gʻulomga xos satira va Abdulla Qahhorga xos fikrni qisqa, loʻnda ifodalash mahorati uygʻunligini his qilamiz”.
Umuman, TURKSOY tashkiloti bilan imzolangan hamkorlik shartnomasi, kelgusida ham oʻzbek adabiyotining sara namunalarini turk kitobxonlariga yetkazish yoʻlidagi saʼy-harakatlar miqyosini yana-da kengaytirishga zamin yaratadi.
Tarjimon X.Hamidov ijod jarayonidagi taassurotlarini shunday izhor qildi: “Mazkur toʻplam ajoyib yozuvchimizning 100-yillik yubileyiga bagʻishlab tayyorlandi. Said Ahmad hikoyalari qisqaligi, ifodalar soddaligi, hikoyanavislikning oʻziga xos uslubi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, yozuvchi sof milliy asar yaratishga muvaffaq boʻlgan. Bunda oddiy, mehnatkash oʻzbek kishilari, yosh oila hayoti badiiy tasvirlangan. 2021-yilda yana bir «xalq yozuvchimiz” Oʻtkir Hoshimovning hikoyalarini toʻplab, turk tiliga oʻgirib, adibning 80 yilligi munosabati bilan nashr etishni niyat qilib qoʻydim».

Tadbirda 2020-2021 oʻquv yilida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalariga masofaviy taʼlim asosida dars berib kelayotgan Anqara universiteti professori Aynur Oʻz Oʻzjan va Anqara Hoji Bayram Vali universiteti dotsenti Vali Savash Yelok xam soʻzga chiqib, mazkur asarning turk tilida nashr qilinishi turk kitobxonlari uchun juda muhim ekanini kayd etishdi.
Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, TDSHU TURKSOY bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan Oʻzbekistondagi birinchi oliy taʼlim muassasasidir.
TURKSOY bosh kotibi, professor Dyusen Kaseinov Said Ahmad hakida toʻxtalib, yozuvchining shaxs sifatidagi fazilatlarini alohida qayd etdi.

- Taniqli adibning har bir hikoyasi kitobxonga haqiqat, yuksak insoniy fazilat, mehr-muhabbat, vafo, sadoqatdan saboq beradi, deya soʻzini davom ettirdi D.Kaseinov. - TDSHUning turkshunos mutaxassislari tomondan tayyorlangan ushbu kitob ikki tashkilot hamkorligi yangi yunalishlarini ochib berdi, deyish mumkin.
TURKSOY tashkiloti turkiy xalqlar va davlatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni oʻrnatish orqali umumiy turkiy madaniyat, til, tarix, sanʼat, urf-odat va anʼanalarini saqlash, rivojlantirish, kelajak avlodga yetkazishni taʼminlash maqsadida faoliyat olib borayotgan madaniy muassasadir. 1993-yil 12-iyulda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Turkiya va Oʻzbekiston Madaniyat vazirliklari tomonidan Olma-ota shahrida imzolangan xalqaro bitimga asosan tashkil qilingan TURKSOY bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Oltoy, Boshqirdiston, Xakasiya, Yoqutiston, Tatariston, Tuva kabi respublikalar, Moldovadagi Gagauziya avtonom viloyati va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bilan birga jami 14 aʼzoni birlashtirgan.
Tashkilot 1993-yildan beri Turkiyaning Anqara shahrida diplomatik maqomga ega xalqaro tashkilot sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Mazkur tuzilma mashxur oʻzbek shoiri, yozuvchisi, mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy, oʻzbek zamonaviy romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy kabi oʻzbek madaniy merosida chuqur iz qoldirgan shaxslarni xotirlash kabi qator tadbirlar uyushtirdi. Oʻzbek yozuvchisi Shukrulloga 2017-yil turk adabiyotining yil odami mukofotini topshirdi. Madaniy hayotimizda eng katta yangilik sifatida yuz bergan TURKSOY loyihalaridan yana biri “Turk dunyosi madaniyati poytaxti” dasturidir. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan nomzod sifatida koʻrsatilgan qadimiy Xiva shahri TURKSOY doimiy Kengashi tomonidan maʼqullanib, 2020-yil “Turk dunyosi madaniyati poytaxti” maqomiga ega boʻldi.
Elyor Mahmudov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining
Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori