Sahnada – Zulfiyaning “Xotira siniqlari”
“Diydor“ yoshlar teatr-studiyasida O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya ijodiga mansub “Xotira siniqlari“ dostoni asosida yaratilgan spektaklning namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Atoqli shoira Zulfiyaxonimning hayot yo‘li haqida hikoya qiluvchi ushbu spektakl aslida 2015 yilda shoira tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan bo‘lib, unda Zulfiya rolini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Yo‘ldosheva ijro etgan edi.

Oradan 10 yil o‘tib, mazkur spektakl yanada “Diydor” teatr-studiyasida qaytadan sahnalashtirildi. Endilikda esa Zulfiyaxonim siymosini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shodiya Abduqodirova gavdalantirgan.
Aytish kerakki, mo‘’jazgina ushbu dostonda shoiraning butun hayoti, tarjimai holi, taqdiri gavdalantirilgan edi. Ayni paytda spektaklda gavdalantirilgan shoiraning obrazi biz bilgan, ya’ni minbarlarda qarsillatib she’rlar o‘qigan, baxt va bahor kuychisi bo‘lgan Zulfiyadan mutlaqo farqlanishi bilan ahamiyatlidir.

Bu Zulfiya oddiy temirchi oilada unib-o‘sgan, sho‘rolar tuzumidagi zug‘umlar, zahar-zaqqum ko‘rgiliklarni o‘z boshidan o‘tkazgan.
Mustabid tuzumning zulm va zo‘ravonliklari uning ham taqdiriga ko‘lanka solgan, umr yo‘ldoshi, yaqinlari, jigarlari, aka-ukalarini og‘ir kulfatlarga giriftor etgandi...
Chindan ham shoiraning xotiralari yoniq, nurli yodnomalardan ko‘ra, o‘z davrida yuraklarini tilkalagan va bu azobli iztiroblarni shoira umr bo‘yi ko‘nglida, yodida saqlab kelgan xotiraning tig‘li siniqlari edi. Darhaqiqat, makkor tuzumning qonli aldovlariga uchgan, unga ishongan nainki shoira, balki millionlab odamlar, singan taqdirlar emasmidi?!..
“Hurriyat, keldingmi – nahotki kelding?
Pinhona sog‘indim, pinhona kutdim.”
Dostonga, ham sahna asariga debocha bo‘lgan ushbu satrlar Zulfiyaxonimning istiqlolni nechog‘li sog‘inch, ichikish, ko‘z yoshlari bilan kutib olganini anglatadi. Har qanday tuzumda, har qanday vaziyatda poklik va halollikni hayot shioriga, umr mazmuniga aylantirgan shoira o‘z xotira siniqlarini
“Aytilmagan alam, yozilmagan she’r,
Olinmagan qasos – yurak titrog‘im” deb iztirob bilan e’tirof etadi.
Ha, “Xotira siniqlari” spektakli Zulfiyaxonimning yuragi nechog‘li iztiroblarga, dardu alamlarga to‘lib toshganini yana bir karra namoyish etadi.
Ustoz Bahodir Yo‘ldoshev yo‘l-yo‘riqlari asosida iste’dodli rejissyor Ruslan Haydarov tomonidan sahnalashtirilgan ushbu spektakldagi rollarni Firdavs Jumanov, Aziza Davronova, Anvar Hamraqulov, Zafar Qutlimurodov, Husanboy Mamasharipov, Muhammadaziz Dilmurodov, Shukrona Odilova va boshqalar ijro etgan. Rassomlar – Sergey Seduxin, Dono G‘aniyeva. Badiiy rahbar – iste’dodli rejissyor Bobur Yo‘ldoshev.
“Xotiram siniqlari” spektakli teatr san’atining chin muxlislari uchun navbatdagi tuhfadir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri