“Sabantuy” – doʻstlik va hamjihatlik bayrami
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida poytaxtimizda boʻlib oʻtgan tatar-boshqird xalqlarining “Sabantuy” – doʻstlik, mehnat, sanʼat va sport milliy bayrami yakuniga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Anjumanda eʼtirof etilganidek, Oʻzbekistonda millatlar va diniy konfessiyalar oʻrtasidagi ahillik, oʻzaro bagʻrikenglik muhitini taʼminlash borasidagi ezgu saʼy-harakatlar jamiyatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni saqlash, odamlarni hayotdan rozi qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu boradagi ezgu ishlarda milliy madaniyat markazlarining yurtimizda istiqomat qilayotan turli millat va elat vakillarining anʼana va qadriyatlari, urf-odatlarini asrab-avaylashga doir ishlari oʻziga xos oʻrin egallaydi.
Toshkentdagi “Central Park” markaziy bogʻida oʻtkazilgan ushbu bayram poytaxt aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uygʻotdi. Bu yerda shoʻx qoʻshiqlar va raqslar yangradi, sport musobaqalari, qiziqarli oʻyinlar, xalq amaliy sanʼati koʻrgazmasi, milliy taomlar namoyishi va boshqa koʻplab tadbirlar tashkil etildi.
Bogʻning asosiy sahnasida bayramning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustambek Qurbonov, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov, Tatariston va Boshqirdiston respublikalaridan tashrif buyurgan martabali vakillar, milliy madaniy markazlar faollari, taniqli madaniyat va sanʼat namoyandalari va boshqalar ishtirok etdi.
[gallery-17840]
“Sabantuy” bayrami munosabati bilan Tatariston va Boshqirdiston Respublikasi rahbarlarining samimiy tilaklari bilan Oʻzbekiston xalqiga qutlov xabari oʻqib berildi.
Tadbirda “Sabantuy” turli millatga mansub Oʻzbekiston fuqarolarining sevimli bayrami ekani taʼkidlandi. Ushbu chinakam umumxalq tadbirida bayramni keng va koʻtarinki ruhda nishonlayotgan turli millat vakillarini uchratish mumkin.
Millatlararo totuvlik va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi uchun Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati, tatar va boshqird madaniyat markazlarining bir qator namoyandalari Tatariston va Boshqirdiston respublikalarining medallari, faxriy unvonlari va hukumat tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Rasmiy qismdan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi, Boshqirdiston, Tataristonning yetakchi sanʼatkorlari hamda “Edelveys”, “Izge Nur”, “Duslik”, “Xandugastar”, “Miras”, “Duslik”, Agidel”, “Shatliq” va boshqa badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokida bayram konserti tashkil etildi.
“Sabantuy” – “shudgor bayrami” – tatarlar va boshqirdlar oʻrtasida bahorgi dala ishlari tugashini bildiruvchi har yili oʻtkaziluvchi anʼanaviy bayram. Tatar xalqi ushbu bayram bilan bogʻliq goʻzal anʼanalarni saqlab qolishi bilan birga, uni boyitishga ham muvaffaq boʻldi. Shu sababli “Sabantuy” YUNESKOning butunjahon madaniy merosi durdonalari roʻyxatiga kiritilgan.
Anjmanda doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ana shunday anʼanalar xususida batafsil soʻz yuritildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), OʻzA