Rossiyalik shifokorlar Samarqandga keldi
Ayni paytda yurtimizda koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikda ishlash uchun Rossiyadan bir guruh mutaxassislar kelgan.
Ayni paytda yurtimizda koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikda ishlash uchun Rossiyadan bir guruh mutaxassislar kelgan.
Mazkur guruh aʼzolarining toʻrt nafari Samarqandda boʻlib, viloyatda COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash, kasallikning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Samarqandlik hamkasblarimizning faoliyatini kuzatib, ular bemorlarni davolashda yuqori samarali usullardan foydalanayotganiga guvoh boʻldik, – deydi R.Kanserov. – Dori-darmon va davo muolajalari toʻgʻri tanlangan. Tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar ham bugungi kun talablari darajasida. Ayniqsa, Samarqand shahridagi davolash va taqsimlash markazida yaratilgan imkoniyatlar juda qulay va samarali ekan. Bu yerda markazlashgan holda bemorlarning kislorod bilan taʼminlanayotgani yaxshi tajriba.
Rossiyaning nufuzli tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov bilan uchrashib, oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Oʻzbekistonlik tibbiyot xodimlarining faoliyati, ular erishayotgan natijalar haqida ham oʻz xulosa va fikrlarini bildirdi.
Uchrashuv chogʻida ayni paytda Rossiyada koronavirus infeksiyasiga qarshi yaratilgan vaksina va ommaviy emlash jarayoniga tayyorgarlik haqida ham soʻz yuritildi. Ushbu yoʻnalishda ham hamkorlikda ishlash yuzasidan takliflar bayon etildi.