Rossiya Federatsiyasi Administratsiyasi rahbari birinchi o‘rinbosari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Administratsiyasi rahbari birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.
Delegatsiya vakillari avvalo milliy me’moriy uslub bilan qad rostlagan majmuaning zamonaviy inshootlar texnologiyasi bilan tanishtirildi.
Shuningdek, “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” ekspozitsiyalari ko‘zdan kechirildi.
[gallery-28761]
Ulug‘ allomalarimiz merosi, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar va temuriylar davrlariga oid nodir qo‘lyozmalar ham namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan majmua xalqaro ilmiy-tadqiqot, ta’lim va madaniy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Davlatlararo madaniy muloqot va ma’naviy yaqinlikni mustahkamlab, global sharoitda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda Islom sivilizatsiyasi markazining o‘rni beqiyos ekanligi ta’kidlandi.
Yuqori martabali mehmon Islom sivilizatsiyasi markazining faxriy mehmonlar kitobiga o‘z mulohazalarini bitib qoldirdi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning samarasini yana bir bor namoyish etuvchi Islom sivilizatsiyasi markazi Rossiya delegatsiyasida katta taassurot uyg‘otdi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
Farhod ABDURASULOV(surat),
O‘zA