Ronaldu yana bir rekordni yangilamoqchi
Portugaliya terma jamoasining hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘zining futbolchilik faoliyatida juda ko‘plab rekordlarni qayd etgan. Kutilmagan harakatlari bilan muxlislarini har doim hayratga solib kelgan. Yaqinda esa uning yana bir rekordiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Gap shundaki, so‘nggi paytlarda uning Arab davlatlarining birida to‘p surishi haqida gap-so‘zlar tarqalmoqda.
Marca gazetasining yozishicha, hozir Ronaldu Qatarda kechayotgan Jahon chempionatida Portugaliya milliy terma jamoasi tarkibida eng yaxshi natijalarni qayd etish uchun kurash olib bormoqda. U jahon chempionatini juda omadli boshladi. Dastavval Gana (3:2) mag‘lub etildi, keyin esa Urugvay (2:0) ustidan g‘alaba qozonildi va muddatidan oldin guruhdan chiqib keyingi bosqichga yo‘l oldi. Krishtianuning o‘zi ham ganaliklarga gol kiritdi.
Ronaldu yaqinda «Manchester Yunayted» klubi bilan ko‘ngilsiz holatda shartnomani bekor qilgandi.
Bir necha kun avval esa CBS Sports gazetasi jurnalisti Ben Jeykobs 37 yoshli hujumchiga yirik taklif tushgani haqida yozdi. Jurnalistning yozishicha, portugaliyalik yulduz Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubidan uch yillik muddat bilan 225 million dollarlik taklif olgan.
Endi Marca gazetasi ushbu xabarni ancha kengaytirilgan tafsilotlari bilan e’lon qildi. Ispan gazetasining xabariga ko‘ra, Ronaldu Al-Nasr klubi bilan shartnoma tuzishga juda yaqin turibdi. Ta’kidlanishicha, portugaliyalik to‘ptepar 2025 yilgacha bo‘lgan shartnomani imzolaydi, maoshi esa har mavsum uchun 200 million yevroni tashkil etadi.
«Krishtianu qat’iy qarorga kelgan. U sport qadriyatlarining pasayishini moliyaviy foyda bilan qoplamoqchi. Yevropada hech bir o‘yinchi «Al-Nasr» klubi taklif etayotgan miqdordagi shartnomaga yaqin ham kelmagan», – deb yozmoqda ispan gazetasi.
«Al-Nasr» hozirda Saudiya Arabistoni oliy ligasida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoaga fransiyalik mutaxassis Rudi Garsiya murabbiylik qilmoqda.