“Rizamat ota” uzum navining tarixiga nazar (+video)
O‘zbekistonda uzumchilik maktabini yaratgan seleksioner olim Rizamat ota Musomuhammedov 1881 yil poytaxtning Shayhontahur tumanida, uzumchi dehqon Musomuhammad oilasida dunyoga kelgan. 13 yoshida ota izidan borib, uzumchilik sirlarini o‘rganadi, 3 nafar o‘g‘il va 4 nafar qizni ilmli, bilimli, hunarli qilib voyaga yetkazdi.
1920 yil Toshkentning “Oqqovoq” hududida 40 gektar maydonda dastlabki uzumzorni barpo qilib, kelajakda ushbu yerlarda O‘zbekistonda birinchi “uzumchilik maktabi”ga asos soldi. Aytish kerakki, ilgarilari bunday katta maydonda uzumzor tashkil etilmagan va ilm-fan namoyondalari bir joyga jamlanmagan. Bu yerda uzumning o‘nlab navlari ustida yurtimiz va xorijiy davlatlarning olimlari hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
Shu bilan birga qaysi davlatda uzumchilik sohasi rivojlangan bo‘lsa, o‘sha yerning olimlari bilan tajriba almashilgan. Har bir uzum navini yaratishda 5 yildan 10 yilgacha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Rizamat ota olimlarga yangi nav yaratishlarida va shu zaminga moslashtirishda, agrotexnikasida maslahatchi ham bo‘lganlar. O‘sha paytlari ushbu maktabda uzumning “Husayni”, “Toyfi”, “Charos”, “Kishmish”ning oq va qora kabi o‘nlab istiqbolli navlari yaratilgan.
Rizamat otaning farzandi Muhammadrahim Musomuhammedov hozir 80 yoshda. Matematik olim, Iqtisod fanlari nomzodi, “Shuhrat” ordeni sohibi.
- Otam uzumning barcha sirlarini miyamga joylab ketganlar, - deydi Rizamat otaning o‘g‘li Muhammadrahim Musomuhammedov. – Uzumni kesishdan tortib saqlashgacha barcha jarayonlarni o‘rgatganlar. Juda ko‘p viloyatlarda yurardilar, borganda uzum bormi, mevali daraxt bormi, Toshkentga olib kelib, ko‘paytirganlar.
Rizamat otada 1935 yildan turli unvon, orden va medallar bilan taqdirlanish davri boshlandi va o‘tgan asrning 50 yillarida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan. Xizmat ko‘rsatgan agronom Rizamat ota o‘sha yillari yurtimizdagi minglab gektar yerlarda uzumning istiqbolli navlarini joylashtirgan. Bundan tashqari Markaziy Osiyo davlatlarida ham uzumchilik maktablarining yaratilishiga yaqindan ko‘maklashdi.
- Men Rizamat otaning o‘rtancha o‘g‘illari, marhum Karimjon akaning o‘g‘illari bo‘laman, - deydi Rizamat otaning nabirasi Bahtiyor Musamuhammedov. – Men yoshlikdan shu sohaga qiziqqanman. Dodamlani orqalaridan yurardik. Ko‘rib turib, shularni ilg‘agan bo‘lsak kerak-da, shunda mehrimiz uyg‘ongan. Uzumchilikka ishqivoz bo‘lganmiz. Bu nav cho‘l zonalarida, issiqlik ko‘p joylarda yaxshi bo‘ladi. Yer tanlamaydi, Sirdaryo, Buxoro, Surxondaryo viloyatida, Parkent tog‘ yonbag‘irlarida juda hosili chiroyli va to‘qroq bo‘ladi, vodiy viloyatlarida rangi ochroq bo‘ladi. (davomi videoda)
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TSKxvDvbf6w" title="“Ризамат ота” узум навининг тарихига назар" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>1950 yildan boshlab uzumzorlarni kengaytirishga davlat darajasida yuqori e’tibor qaratilganidan so‘ng, Markaziy Osiyo davlatlarida 360 gektardan ortiq maydonda uzumzorlar tashkil etiladi. Bugun yurtimiz dalalarida Rizamat ota nomi bilan mashhur uzumlarning 10 dan ortiq navlarini uchratish mumkin. Ular sho‘rga chidamli, sanotbopligi va qand miqdori me’yoridaligi va shifobaxshligi bilan alohida ajralib turadi.
Sanjar Toshpo‘latov,
Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA