Rishtonda Sharofiddin Yusupov uy-muzeyi ochildi
Insoniyatga xos shunday odat bor: ulug‘ alloma-yu arboblarga olamdan o‘tganidan keyin haykal qo‘yadilar, muzey ochadilar. Bu yaxshi, albatta. Ammo shunday e’zoz u hali hayotligida ko‘rsatilsa-chi? Quvonchdan umriga umr, tanasiga kuch qo‘shilarmidi?
Farg‘ona viloyatida ikkinchi, noodatiy yo‘lni tanladilar.
Rishton tumanida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi, Rishton kulolchilik maktabining yettinchi avlodi vakili Sharofiddin Yusupov uy-muzeyini tashkil etishdi. Uning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov, Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov va boshqalar oddiy tuproqdan chinakam ma’noda san’at asarlarini yaratib kelayotgan ustaning betakror mahorati, bosib o‘tgan ibratli hayot yo‘li haqida so‘z yuritdilar.
[gallery-20135]
Mazkur muzeydan usta hunarmandning yillar davomida qalb qo‘ri, ko‘z nuri va barmoqlar sehri ila yaratilgan mo‘’jizakor va jilvakor sopol mahsulotlari o‘rin oldi.
Sharofiddin Yusupov Rishton kulolchilik maktabi an’analarini ijodiy o‘zlashtirdi va rivojlantirdi, uni ranglar uyg‘unligi, ramziy belgilar va boshqa xususiyatlar bilan boyitdi.
Shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, ustaning asarlari Parijdagi Luvr, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj, Moskvadagi Sharqshunoslik va Dunyo xalqlari muzeylarida saqlanadi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri