Rishton yana-da obod boʻlib, turizm maskaniga aylanmoqda
Rishton – Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan Fargʻona vodiysining eng qadimgi maskanlaridan.
Rishton – Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan Fargʻona vodiysining eng qadimgi maskanlaridan.
Oddiy soz tuproqdan moʻjiza yaratayotgan rishtonlik kulollar mehnati asrlar davomida dunyo xalqlarini oʻziga rom etib keladi.
Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov sektor rahbarlari bilan mazkur tumanda boʻlib, hududda olib borilayotgan islohotlar va aholi turmush tarzi bilan tanishdi.
Dastlab “Rishton-Yaponiya" madaniy iqtisodiy aloqalar markazi qoshida Gʻanisher Nazirov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Noriko Pak kkuyu” oʻquv toʻgaragi tinglovchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Nigora Shodiyeva, Shohsanam Sharopova, Muqaddas Abdurahmonova, Odina Abdullayevalar mazkur markazning bitiruvchilari. Endi ular Yaponiyaga oʻqishga borishadi.
Viloyat rahbari yoshlar bilan suhbatlashar ekan, bilim va tafakkurlarini boyitib, kelajakda oʻz yurti uchun munosib farzand boʻlishlariga ishonch bildirdi. Aytish joizki, bu maskanda yapon tilini mukammal oʻrgangan bir qator yoshlar hozirda Yaponiyaning nufuzli oliygohlarida tahsil olishmoqda. Oʻquv markazidagi shart-sharoitlarni yana-da yaxshilash maqsadida viloyat hokimi tomonidan lingafon xonasini tashkil etish taklifi bildirilib, kerakli jihozlar sovgʻa qilindi.
Xayrullo Bozorov tadbirkor Ravshan Tojiddinov rahbarlik qilayotgan “R+Koron” korxonasiga qarashli kulolchilik muzeyida boʻlib, hunarmandlarning mehnat faoliyati bilan tanishdi.
- Korxonamizda 70 nafar ishchilar mehnat qilmoqda, 300 ga yaqini esa kasanachilik asosida faoliyat yuritishadi,-deydi Ravshan aka.- Ular mehnati bilan 500 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, dunyoning Gretsiya, Falastin, Rossiya, Turkiya kabi 11 ta mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Tumanda bu kabi mohir kulollar juda koʻpchilikni tashkil etadi. “Miskin” mahalla fuqarolar yigʻinida tadbirkor Nosirjon Nazarov tomonidan tashkil etilgan kulolchilik sexida ham bugun ish qizgʻin. Bu yerdagi muloqot jarayonida tadbirkorning oʻz faoliyatini yana-da kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Rishtonda ayni kunlarda bunyodkorlik ishlari avjida. Yurtimizda yagona boʻlgan “Hunarmandlar shaharchasi”si bunyod etilayotgan boʻlib, bu yerda 20 ta usta kulollar uchun maxsus ustaxona, doʻkonlar xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun majmua tarkibida mehmonxona qurish ishlari deyarli yakuniga yetib qoldi. Viloyat hokimi “Hunarmandlar shaharchasi”ni yana-da kengaytirish borasida oʻz takliflarini bildirdi. “Xoʻja Rushnoiy” yodgorligida olib borilayotgan qurilish jarayonlari bilan tanishib, mazkur qadamjoni milliy qadriyatlar va zamonaviy arxitektura uygʻunligida mukammal loyiha asosida taʼmirlash zarurligini taʼkidladi.
Tashrif davomida viloyat hokimi tumandagi “Dahbed” mahalla fuqarolar yigʻinidagi koʻp qavatli uylarda yashovchi fuqarolar bilan suhbatlashdi. Aholi tomonidan bildirilgan kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash, uy tomlaridan suv oʻtayotganligi sababli qayta taʼmirlash ishlarini zudlik bilan amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.
Tarixiy obida sanalgan va ayni damda qayta rekonstruksiya qilinayotgan – “Sohibi Hidoya” majmuasidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari koʻzdan kechirildi va zarur tavsiyalar berildi.
Viloyat rahbari Rishton tumanida joriy yilda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Jumladan, “Roshidonlik Umida Fayz” fermer xoʻjaligiga qarashli quyonchilik agrofirmasi, “Straus Farm” tuyaqushchilik fermasi, “Navbahor” mahallasida joylashgan kulolchilik kichik zonasiga tashrif buyurib, tadbirkorlar va u yerdagi ishchilarning sharoitini koʻzdan kechirdi. Rishtondagi kichik sanoat zonani kengaytirish hamda u yerda chinni buyumlari ishlab chiqarish klasterini tashkil etish taklifini bildirdi. Bu kabi taklifni hunarmandlar quvonch bilan qoʻllab-quvvatladilar.
Bundan tashqari, viloyat hokimi sobiq Sovet ittifoqi qahramoni, Ikkinchi Jahon urushining afsonaviy oʻzbek jangchisi Mamadali Topvoldiyev muzeyida boʻlib, zamonaviy uy muzeyi tashkil etish haqida taklif bildirdi.