Rishton va Iznik hamkorligi yanada yuksaladi
Farg‘ona viloyati Rishton tumani va Turkiyaning chinnichilik, kulolchilik an’analari bilan mashhur Iznik tumani o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi.
Ayni kunlarda Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Turkiyada bo‘lib, hududlararo hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda. Rishton tumani hokimi Sufhonjon Soliyev Bursa viloyatida bo‘ldi. Rishton hamda Turkiyaning chinnichilik, kulolchilik an’analari bilan mashhur Iznik tumani o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Kelishuvni Sufhonjon Soliyev va Iznik tumani Belediyasi bashkani (hokimi) vazifasini bajaruvchi Zeliha Peshte imzoladi.

Rishton va Iznik tumanlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatish viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining joriy yil fevral oyida Bursaga hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirishni ko‘zda tutgan amaliy tashrifi doirasidagi muzokaralar chog‘ida belgilab berilgan edi. Tashrif davomida Rishtondagi “Mingboshi keramik” korxonasi rahbari, kulol Shokirjon Ahmadjonov turkiyaliklar bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki shartnomalarni imzoladi.


Rishton delegatsiyasi a’zolari Iznik shahridagi kulolchilik muzeyida ham bo‘lib, turkiyalik usta-kulollarning ishlari bilan tanishdilar. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning Bursadagi faxriy konsuli Ali Baklan ham ishtirok etdi.
M. Sulaymonov, O‘zA