Rishton kulolchilik buyumlari eksporti ortmoqda
FOTOREPORTAJ
Asriy an’analar asosida yaratilayotgan Rishton kulolchilik buyumlari bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlariga eksport qilinib, jahon bozorida xaridorgirligi tobora ortayotgani diqqatga molikdir.
– O‘tgan 2022 yil davomida bir milliard so‘mlikdan ziyod kulolchilik mahsulotlarini xorijdagi buyurtmachilarga yetkazib berdik, – deydi “Shuhrat” medali sohibi, rishtonlik mashhur kulol, “Mingboshi keramik” oilaviy korxonasi rahbari Shokirjon Ahmadjonov. – Qadim Rishtonimizning brendi bo‘lgan mahsulotlarimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda AQSH, Kanada, Germaniya, Rossiya kabi davlatlarga yetkazib berilmoqda.
[gallery-10718]
Ta’kidlash kerakki, Rishton kulolchilik buyumlari eksport hajmi ortib borishida “Mingboshi keramik” oilaviy korxonasining hissasi katta bo‘lmoqda. Ayni kunda yuz nafardan ziyod kulolni birlashtirgan korxonada tashkil etilgan “Rishton kulolchilik buyumlari” muzeyi sayyohlarning eng sevimli manziliga aylangan.
Taniqli tadbirkor Sh. Ahmadjonov asos solgan oilaviy korxona ko‘plab mahalliy kulollarning mahsulotlarini xorijga eksport qilishga ko‘maklashayotgani hamda Farg‘ona davlat universitetining san’atshunoslik fakulteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, yoshlarga qadimiy hunarni o‘rgatishga o‘z hissasini qo‘shayotgani ham e’tirofga loyiq.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA