Respublika ta’lim markazining bir guruh ustozlari taqdirlandi
Tonggi qo‘ng‘iroq ovozi va shovqin-suron bilan boshlanuvchi maktab, ko‘zlarida g‘ayrat-shijoat porlab turgan o‘quvchilar bu – o‘qituvchining hayoti. Mamlakatimizda bu xokisor va kamtarin kasb egalari zaxmatli mehnatlari natijasida doimo e’zozda, e’tirofda.
Yurtimizda 1 oktyabr’ – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Shu munosabat bilan Milliy o‘quv dasturi va dastur asosida yangi avlod darsliklarini yaratishda qatnashgan mualliflar jamoasi, bir guruh amaliyotchi o‘qituvchilar, xalq ta’limi tizimi rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan Respublika ta’lim markazi xodimlari munosib taqdirlandi.

Tadbir ishtirokchilarining 43 tasiga tashakkurnoma, 49 tasiga «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni, 18 tasiga «Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Ta’limdagi yangiliklarni bo‘lajak pedagoglarga yetkazishda jonbozlik ko‘rsatayotgan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Tashkenbayev «Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

– So‘nggi yillarda ta’lim tizimini takomillashtirish, o‘quvchilarga sifatli bilim berish, o‘quv darsliklarini zamonaviylashtirishga katta e’tibor berilmoqda. Bizning ta’lim markazimiz tomonidan yaratilayotgan yangi o‘quv darsliklari bugungi kun talablariga to‘liq javob bergan holda, o‘quvchilarning bilimini oshirish, dunyoqarashini rivojlantirish, og‘zaki nutqini shakllantirishga xizmat qiladi. Bugun men taqdirlanganlar orasidaligimdan juda xursandman,– deydi «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni sohibasi Mohira Nurullayeva.

Shuningdek, Milliy o‘quv dasturi va darsliklarning yaratilishida o‘z tavsiyalarini ayamagan xalqaro ekspertlar: YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Ta’lim bo‘limi rahbari Dipa Shankar va Ta’lim masalalari bo‘yicha YUNICYeF maslahatchisi, Yana Chicherina, Tabiiy fan darsliklarini yaratish bo‘yicha 20 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega YUNICYeF konsultanti Filippa Gardon, matematikani o‘qitish bo‘yicha 20 yillik xalqaro tajribaga ega YUNICYeF eksperti Marsello Starikofflar ham «Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Fayzullo Yaxyoyev, O‘zA