Respublika ishchi guruhi Buxoroda
Bosh prokuror o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Sh.Uzakov, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari A.Ikramov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini tizimli hal etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish, amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Buxoro viloyatiga keldi.
Dastlab, ishchi guruh a’zolari viloyat hokimligi faollar zalida hokim o‘rinbosari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa mutasaddi idoralar mas’ul rahbarlari ishtirokida ish reja yuzasidan yo‘riqnoma yig‘ilishini o‘tkazdi. Bunda ishchi guruhning yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullari hamda ularning vazifalari tushuntirildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Buxoro Akademik litseyida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, o‘quv xonalari, yotoqxona, oshxona va sport maydonining holati o‘rganildi. Akademik litsey qoshida tashkil etilgan Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarining “Jasorat” tarixiy muzeyi hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Buxoro filiali faoliyati bilan ham tanishildi. O‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Respublika ishchi guruhining o‘rganish tadbirlari Qorovulbozor tumani va Kogon shahrida davom etdi. Qorovulbozor tumani “Imom Buxoriy” mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi huquq-tartibot maskani faoliyati atroflicha o‘rganildi. Qorovulbozor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini tizimli hal etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari tomonidan olib borilgan ishlar muhokama etildi. Tuman hokimi va uning birinchi o‘rinbosari tomonidan mavjud ish o‘rinlari va tumanni joriy 2022 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dastur taqdimoti o‘tkazildi. Hudud ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
Shuningdek, hududdagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida tuman IIB boshlig‘ining hisoboti tinglandi. Shu kuni 17-sonli JIEK va unda mahbuslar uchun yaratilgan sharoitlar, muassasadagi ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati ham o‘rganildi.

O‘rganishlar Kogon shahrida davom etdi. 2-sektor shtabi faoliyati, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan olib borilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi. Avtomotohavaskorlar ko‘ngilli jamiyatida haydovchilikka tayyorlash, o‘quv jarayonlari, elektron davomat tizimi, nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlarni olib borish tartibi, tizimga kiritilayotgan innovatsion texnologiyalar va ularning afzalliklari bilan tanishildi.
Bu yerda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Avtomobil yo‘llari va Transport boshqarmalari boshliqlari hamda avtomaktab direktorining hisoboti tinglandi. Viloyatda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kuch va vositalar taqsimotiga doir kelgusidagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. 
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazi bo‘lib, favqulodda holatlar sodir bo‘lganda FVB, “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti AJ, “Buxoro suv ta’minoti” MCHJ, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ va Tibbiyot boshqarmalarining birgalikdagi vazifalari yuzasidan taqdimoti ko‘rib chiqildi. bugungi kunda ushbu tizimlarda mavjud texnika va maxsus vositalar, mavjud muammolar o‘rganildi.
Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA