REKTOR: Men ham shu yurtning farzandiman
Kuni kecha Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan noxush xabarni eshitib yuragim zirqirab ketdi.
Bu xalq o‘zlari yashaydigan kengliklar singari bag‘ri keng, qalbi daryo xalq. Men bu so‘zlarni osmondan olib aytayotganim yo‘q. Boisi, men ham shu yurtning farzandiman. Aynan Qoraqalpoq diyorida tug‘ilib voyaga yetganman.
Qoraqalpoq bolalari bilan o‘ynab birga o‘sganman. Bir parcha nonni o‘zaro bir-birimizga ilinib, baham ko‘rganmiz. Bir qishloq-ovulda yon qo‘shni-jon qo‘shni bo‘lib yashaganman, bir sinfda, bir partada o‘tirib saboq tinglaganman, ilk alifbo saboqlarini qoraqalpoq muallimlaridan olganman.
O‘rni kelganida yana shuni iftixor va faxr bilan aytaman Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ilganligim uchun mening ismimni Qo‘ng‘irotboy qo‘yishgan. Bizga ma’lumki, Qo‘ng‘irot, o‘zbek va qoraqalpoqning eng qadimiy urug‘laridan birining nomi. Birgina shuning o‘zi ikki elning mangu do‘stligining mustahkam rishtalariga ishora. Bu elning qalbiga qutqu solmoqchi bo‘lgan yot unsurlar adashadi. Bu yot unsur kimsalar qalbi daryo ikki xalqning oshiga og‘u qo‘sha olmaydi. Qahramon shoirimiz Ibroyim Yusupov o‘z she’ru baytlarida g‘urur bilan e’tirof etganidek, qoraqalpoq do‘sti so‘rasa o‘zi minib yurgan otini ham tortiq qilib yuboradigan tanti va hotamtoy el.
Mening kindik qonim shu yurtga tomgan, shu yurt tuprog‘ida voyaga yetganman. Qarich yoshdan shu elning ichida o‘sganman. Vijdon bilan shuni aytaman, yuragi qora fitnachilar qadim-qadimdan bir-biriga ko‘rar ko‘zning qorachug‘idek vobasta va kamarbasta elning ko‘ziga cho‘p suqaman desa qattiq adashadi. Hozirgi pallada butun dunyo turkiylari yagona maslak, qutlug‘ maqsad yo‘lida birlashish g‘oyasini oldinga surayotgan paytda og‘a-ini bu xalqlar o‘rtasiga qutqu solishiga aslo yo‘l qo‘ymaysligimiz lozim.
Shu yurtning bitta vakili, qondosh va jondosh ikki xalqning farzandi sifatida shuni e’tirof qilamanki, Ko‘hna Jayhun farzandlari o‘z uyimiz o‘lan to‘shagimizda bitta oila farzandlari timsolida Kelajagi yanada buyuk yangi O‘zbekistonni birga bunyod etamiz. Zero, keyingi yillarda amalga oshirilgan qator ibratli ishlar buning amaliy isbotidir. Prezidentimiz da’vati, tashabbusi va amaliy sa’y-harakatlarining mevasi o‘laroq, bu ishlar qoraqalpoq diyorida ham to‘lig‘icha o‘z aksini topmoqda. Nainki respublika poytaxti va markazga yaqin manzillarda, aksincha, eng uzoq hududlarda o‘z bo‘y bastini ko‘rsatmoqda. Masalan, Mo‘ynoq shahri qiyofasida oladigan bo‘lsak hazrati inson qo‘llari nechog‘lik mo‘’jiza kor ekaniga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Mo‘ynoqdagi eng zamonaviy turar-joylar, muhtasham san’at koshonalari, sport majmualari, shuningdek, bu yerdagi yashovchilar uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar, ko‘rgan kishini lol qoldiradi. Chindan ham hozirgi zamon rusumdagi barcha madaniy - maishiy ob’ektlar har qanday zamonaviy shahar bilan bemalol tenglasha oladi. Yoxud, mamlakatning eng chekka maskanlaridan sanalgan Qo‘ng‘irot tumani va shahri timsolida ham yuqoridagi singari iliq gaplarni aytish mumkin. Vaholanki, vaqti zamonida "Borsa kelmes" hududlariga tutashgan bu hududlarni xalq o‘z ta’biri bilan "qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadi", deya atagan. Shu yaqin atrofda barpo etilgan qator gaz sanoati va soda zavodlarida bugun minglab aholi ishlab mustaqil ona Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
Yaqin ish yuzasidan respublika markazi Nukus shahrida bo‘ldim, bu yerdagi osmono‘par binolar va boshqa ishlab chiqarish inshootlarini, keng va ravon ko‘chalarni ko‘rib o‘z ko‘zlarimga ishonmay ketdim. Biroq bu ertaklardagiga monand muhtasham imoratlar, zamonaviy rusumdagi yengil mashinalar, qator oliy o‘quv yurtlari bu yurtning ertasi yanada porloq ekaniga kafolatdir. Donishmand va ijodkor sarboni bor mamlakatning kelajagi yanada nurli bo‘lishiga kishi ko‘nglida e’tirozga o‘rin qoldirmaydi. Chunki amaldagi olib borilayotgan ishlar ana shunday deyishimizga asos bo‘la oladi. Zero bunga zarracha shak- shubha yo‘q.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori.