Rektor kubogi g‘oliblari aniqlandi
O‘zbek xonadonida ulg‘aygan o‘g‘il bolalar kelajakda qaysi sohani tanlamasin, albatta ma’lum bir davrda Navro‘z sayllarida, musobaqalarda, to‘ylarda kurash tushadi. Boisi ushbu sport turi qon-qonimizga singib ketgan.
Kuni kecha Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida kurash bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. “Polvonlari ko‘p yurt qudratli bo‘lur” shiori ostida tashkil etilgan ushbu katta sport tadbiri zo‘r kayfiyatda, ko‘tarinki ruhda kechdi. Musobaqa yirik sanoat korxonalari rahbarlari hamda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, mas’ullar va talaba-yoshlar ishtirokida “Yangilanayotgan Konstitutsiya – yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” mavzusidagi targ‘ibot tadbiri bilan start oldi.
So‘z olganlar – yosh olimlar, iqtidorli talabalar, o‘qituvchilar o‘z yutuqlari haqida gapirar ekan bu natijalar yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik bardavomligi, eng muhimi, davlatimiz rahbarining yoshlarga g‘amxo‘rligi tufayli ekanligini alohida qayd etib o‘tdi. 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chorladi.
[gallery-11534]
Taniqli san’atkorlar ijrosidagi diltortar kuy-qo‘shiqlar sport musobaqasi va targ‘ibot tadbiriga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Kun davomida kechgan murosasiz bahslarda 133 nafar polvon 66, 73, 90 kilogramm va mutlaq vazn toifalarida gilamga chiqdi. Musobaqada faol ishtirok etgan va g‘oliblikka erishgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi. Oliy o‘rin sohiblari esa bosh mukofot rektor kubogini olishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA