Rektor bitiruvchi talabalar bilan muloqot o‘tkazdi
Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev “Rektor va yoshlar uchrashuvi” doirasida sport va san’at, ijtimoiy-iqtisodiyot, IT injiniringi, tarix, filologiya fakultetlarining bitiruvchi talabalari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Ayni kunda Andijon davlat universitetidagi mavjud 8 ta fakultetda 66 ta ixtisoslik bo‘yicha kunduzgi ta’lim yo‘nalishida 6 ming 266 nafar talaba tahsil oladi. Ulardan 1 ming 455 nafari bitiruvchi talaba hisoblanadi.
Uchrashuvda rektor keyingi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, o‘qitishni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, malakali mutaxassislar tayyorlash, talaba yoshlarning o‘qib, puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganligini ta’kidladi. Ayniqsa, talabalarning muammolarini hal etish, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganligi qayd etildi.

Bu borada Andijon davlat universitetida ham zarur ishlar olib borilayotganligi haqida ma’lumot berildi. Xususan, universitet rahbariyati tomonidan kontrakt asosida tahsil olayotgan kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan ko‘plab talabalarga kontrakt, shuningdek, o‘qiyotgan talabalarga ijara pullari to‘lab berildi. Bundan tashqari, talabalarning muammolarini hal etish, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur yordamlar ko‘rsatildi.

Erkin muloqot, fikrlar almashish tarzida o‘tgan uchrashuvda universitetdagi muammo, imkoniyat va istiqbollar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Talabalar tomonidan mavjud muammolarni bartaraf etish, o‘qish, amaliyot o‘tash, ishga joylashish yuzasidan takliflar bildirildi.

Rektor muammolarni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Talabalarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyor ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuvda rektor talaba yoshlarni yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanishga chaqirdi. Shu bilan birga, bitiruvchi talabalarning puxta bilim olib, yurt, jamiyat ravnaqi yo‘lida samarali xizmat qiladigan malakali mutaxassislar bo‘lishiga ishonch bildirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.