Rekordchi Federerdan yana bir rekord
Shveysariyalik tennis afsonasi, jahonning sobiq birinchi raketkasi Rojer Federer yana bir rekord qayd etdi.
Shveysariyalik tennis afsonasi, jahonning sobiq birinchi raketkasi Rojer Federer yana bir rekord qayd etdi.
Federer ATR reytingining yuqori oʻntaligidan 850 hafta davomida muqim joy olgan dunyo tennisi tarixidagi birinchi sportchiga aylandi. Shveysariyalik tennischi ilk marotaba 2002 yilning mayida ATR reytingida TOR-10 talikka kirishga muvaffaq boʻlgandi. Shundan beri Rojer 16 yil davomida mavsumni reytingning kuchli oʻntaligida yakunlashga erishgan.
Faqat jarohati bois Federer 2016 yilgi mavsumda kuchli oʻntalikdan chetga chiqib qolgandi. Yana bir tennis afsonasi Jimmi Konnors esa 814 hafta davomida ATR reytingida yuqori oʻntalikdan joy olgan. Kuchli uchlikni esa mashhur Andre Agassi yakunlab beradi. Amerikalik raketka ustasi 747 hafta davomida tennischilar elitasidan pastga tushmagan.
Xullas, Rojer Federer dunyo tennisini yangidan yangi rekordlari bilan koʻmib tashlayapti. U “Katta dubulgʻa” turkumiga kiruvchi turnirlarda 20 marotaba (rekord) gʻolib chiqqan, 310 hafta mobaynida ATR reytingida peshqadamlik qilgan (qatorasiga 237 hafta) holda bu borada ham misli koʻrilmagan natija qayd etgan.
Qolaversa, Rojer “Uimbldon” turnirida 8 marta gʻalaba qozongan (bu ham rekord) hamda ATR turkumidagi turnirlarda 107ta titulga (shundan 99 tasi yakkalikda) ega chiqqan. Roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Qisqasi, tennis rekordchisi rekordlarni yangilashda davom etmoqda.