Referendum uchun barcha sharoit yaratilgan
Nurafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug komissiyasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda okrug komissiyasi raisi Ulug‘bek To‘xtayev, komissiya a’zolari axborot berdi.

Qayd etilganidek, Toshkent viloyati bo‘yicha jami 958 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan bo‘lib, ular ovoz beruvchilar uchun qulay hududlarda joylashgan. Ularga ko‘rsatkichlar, peshlavhalar va axborot stendlari o‘rnatilgan. Shuningdek, referendumga oid qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan. Jismoniy harakati cheklangan ovoz beruvchilar imkoniyatini e’tiborga olgan holda mazkur binolarga nishab yo‘laklari (pandus) borligi alohida e’tiborga olindi.

O‘z navbatida referendum uchastka komissiyasi a’zolari tarkibi shakllantirilganda ko‘p millatlilikka ham alohida e’tibor berildi. Ularning umumiy soni 10 ming 612 nafarni tashkil etadi. Shundan komissiyalar tarkibida ayollar 5 ming 548 nafarni tashkil etadi. Xususan, raislarning 422 nafari, rais o‘rinbosarlarining 437 nafari, kotiblarning 699 nafari ayollardir. Uchastka komissiyalari tarkibi O‘zbekiston Respublikasining "Referendum to‘g‘risidagi qonuni”ning 20 va 23-moddalari asosida tuzilgan. Shu kungacha barcha uchastka komissiyasi a’zolari uchun seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etilib, hududiy trenerlar ularning bilim, malaka va ko‘nikmalarini yanada oshirdi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari tartibi, joylarda referendumda ovoz beradigan aholini xatlovga olish va shu kabi ko‘plab mavzularda berilgan savollarga mas’ullar atroflicha javob berdi.
A.Musayev, O‘zA