RBI uchun hisobvaraqlar ochildi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “Raiffeisen Bank International AG” (RBI) uchun milliy va xorijiy valyutada vakillik hisobvaraqlari ochildi.
Bu qaror mamlakat moliya bozorini rivojlantirish, shuningdek, uni xalqaro moliyaviy tizimga yanada chuqur integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mazkur yangilik natijasida qator ijobiy o‘zgarishlar kutilmoqda.
Davlat qimmatli qog‘ozlari (DQQ) bozori rivojlanadi. Xorijiy investorlarning davlat qimmatli qog‘ozlarining ikkilamchi bozoridagi ishtiroki kengayadi, bu esa bozor faolligini oshiradi.
Ikkilamchi bozorda savdo hajmlarining ortishi natijasida etalon muddatlar bo‘yicha daromadlilik egri chizig‘i bozor tamoyillari asosida shakllanadi. Xorijiy kapital oqimining ko‘payishi iqtisodiyotda uzoq muddatli resurslar bazasini mustahkamlaydi.
Moliyaviy instrumentlar likvidligining ortishi Markaziy bank pul-kredit siyosati transmissiyasining samaradorligini ta’minlaydi.
Mazkur qadam O‘zbekiston moliya bozori infratuzilmasini yanada takomillashtirish va uning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Markaziy bank tomonidan moliya bozorini modernizatsiya qilish va xalqaro integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA