Razambek Jamalov va G‘ulomjon Abdullayev Turkiyada chempionlikni nishonladi
Turkiyaning Kojaeli shahrida erkin kurash bo‘yicha nufuzli Hasan Gemici & Gazanfer Bilge xalqaro turniri davom etmoqda.
An’anaviy musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etib, navbatdagi xalqaro yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
E’tiborlisi, “Parij–2024” Olimpiya o‘yinlari chempioni Razambek Jamalov hamda Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sohibi G‘ulomjon Abdullayev o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lub etib, musobaqaning oltin medalini qo‘lga kiritdi.
61 kg. vazn toifasida kurashgan G‘ulomjon Abdullayev finalda qozog‘istonlik Allan Oralbekdan ustun kelib, chempionlikka erishdi. 74 kg. vazndagi Razambek Jamalov esa hal qiluvchi bellashuvda eronlik Ali Karampurni mag‘lub etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Yana bir hamyurtimiz Shahzodbek Yarashev (70 kg.) finalda moldovalik Vasile Diakonga imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Asadbek Saidto‘rayev (57 kg.) esa musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, chempionlar 1000 yevro, kumush medal sohiblari 750 yevro, bronza medali sohiblari esa 500 yevro miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlandi.
Ikki kunlik bahslar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston erkin kurash terma jamoasi 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Ayni paytda mezbon Turkiya terma jamoasi 4 ta oltin, 1 ta kumush va 14 ta bronza medali bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Eron jamoasi esa 2 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan ikkinchi pog‘onadan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA