Ravon yo‘llar obod manzillarga eltadi
Yaqin orada Sayxunobod tomonlarga yo‘lingiz tushgan bo‘lsa, keng va ravon yo‘llar, keng miqyosdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, bunyodkorlik va yangilanishlarga guvoh bo‘lasiz.
– Yurganga yo‘l yaxshi, – deydi Sirdaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Zafar Umarqulov. – Ayniqsa, ta’mirlangan yo‘ldan yurish esa har qanday yo‘lovchi va haydovchini quvontirishi tayin. Joriy yil bahorida Sayxunobod tumani hududidan o‘tgan davlat ahamiyatidagi 4R-25 “A-373 avtoyo‘li – Sayxun q. – Baxt sh. – Qozog‘iston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 45- 51-kilometri oralig‘ida amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari aholini yanada quvontirdi.

Yo‘l qoplamasining 37 000 m2 qismiga 5600 tonna asfalt-beton yotqizilib, yo‘l chetiga 2500 m3 qum-shag‘al aralashmasi va 400 m3 sheben yoyildi. Mazkur yo‘lga yondosh bo‘lgan piyodalar yo‘lagining ostki qismiga 400 m3 qum yoyilib, 662 dona beton plita o‘rnatilishi natijasida xavfsiz va qulay piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Shuningdek, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘lning ta’mirlangan qismiga 110 dona ogohlantiruvchi ustun o‘rnatilib, avtomobil yo‘lining 6 km qismiga yo‘l chiziqlari chizildi. Avtomobil yo‘lining 6 km qismiga 95 dona yo‘l belgisi va 50 dona yo‘l belgisi ustuni o‘rnatildi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ta’mirlash jarayonlariga 150 ga yaqin texnika hamda 300 nafardan ziyod ishchi jalb etildi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda, jumladan, Sirdaryo viloyatida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2023-yil 10-oktyabrdagi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.
Sayxunobodning obod va ravon yo‘llari esa bunga dalildir.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri