Rassom xotirasiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida rassom Hakim Mirzahmedov xotirasiga bag‘ishlab “Hayot” nomli ko‘rgazma ochildi.
Taniqli mo‘yqalam ustasi 1976 yilda P. Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtining rangtasvir pedagogikasi bo‘limini tamomlagan. So‘ng Surikov nomidagi Moskva davlat rassomlik institutida tahsil olgan. 1982 yildan boshlab xalqaro va respublika ko‘rgazmalarida o‘z san’at namunalari bilan qatnashib kelgan. “Vitraj” texnikasida bir qator mahobatli asarlar yaratgan. Shu bilan birga, u ko‘plab natyurmort va janrli kompozitsiyalar ijodkori hamdir. Rassom ayniqsa, manzara janrida o‘z mahoratini to‘liq namoyon eta olgan. Ushbu yo‘nalishdagi asarlarida tabiatning romantik ifodalanishi diqqatga sazovor.
Hakim Mirzahmedov tengi yo‘q pedagoglardan edi. U 1982-2012 yillarda Respublika rassomlik kollejining rangtasvir bo‘limida yoshlarga saboq bergan. Tasviriy san’atning turli yo‘nalishlarida ijod qilib kelayotgan ko‘plab mahoratli rassomlarni tarbiyalagan.
[gallery-4905]
2016 yilda Hakim Mirzahmedov “Yilning eng yaxshi rassomi” nominatsiyasida “E’tirof” milliy mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Rassom 2020 yil 8 noyabrda bu dunyoni tark etdi. Vafotiga bir yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan “Hayot” nomli mazkur ko‘rgazma rassomning ijod yo‘li va uning rangtasvirga bo‘lgan cheksiz muhabbati haqida so‘zlaydi.
Ko‘rgazmada ijodkorning “Isfara”, “Qizil uzumzor”, “Kumushkonda qish tongi”, “To‘lin oy”, “Shohimardon” kabi 250 dan ortiq asari namoyish etilmoqda.
Oybek PARDAEV (surat), O‘zA