Raqamli texnologiyalar sohasi rivojida parlamentning ishtiroki
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida barcha soha va yo‘nalishlardagi natijalar sarhisob qilinar ekan, qator yutuqlarga erishilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Jumladan, raqamlashtirish, sohalarga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish va elektron xizmatlarni ko‘paytirish borasida qator sa’y-harakatlar amalga oshirib kelinmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan mustaqillik yillarida mamlakatni innovatsion rivojlantirish, sohalar va tarmoqlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasidagi islohotlarda parlamentning ishtiroki masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Deputatlar, vazirlik va idoralar, ilmiy-tahliliy markazlar vakillari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida o‘tgan tadbirda o‘tgan davrda mamlakatni innovatsion rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish va mazkur sohalarning huquqiy asoslarini takomillashtirishda parlamentning roli va ishtiroki sarhisob qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda raqamli texnologiyalar davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarida keng qo‘llanilmoqda. Aholiga qulay va tezkor xizmat ko‘rsatilib, davlat organlari faoliyatida ochiqlik ta’minlanmoqda.
Bu kabi jarayonlarning huquqiy poydevorini mustahkamlashda parlamentning o‘rni muhim. So‘nggi yillarda “Elektron hukumat to‘g‘risida”, “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”, “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida” hamda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahrirlari esa raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur huquqiy sharoitlarni kengaytirdi.
Bundan tashqari, innovatsion rivojlanish sohasida o‘nga yaqin qonun qabul qilinib, yangi g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etishning huquqiy mexanizmlari mustahkamlanmoqda.
Muhokamalarda parlament oldida yangi munosabatlarni tezkor tartibga soladigan qonunlarni qabul qilish bilan birga, ularning joylarda qanday ishlayotganini nazorat qilish vazifasi ham turgani, raqamli yangilanishning samarasi har bir fuqaro hayotida sezilishiga erishish muhimligi ta’kidlandi.
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi, ta’lim va tibbiyotga raqamli texnologiyalarni joriy etish, sohaga yo‘naltirilayotgan byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan parlament eshituvlari va “hukumat soatlari” o‘tkazilayotgani, mutasaddi idoralarga deputatlik va parlament so‘rovlari yuborilayotgani qayd etildi.
Muhokamalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha yaxlit huquqiy asosni shakllantirish, kiberxavfsizlik va shaxsga doir ma’lumotlar muhofazasini kuchaytirish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish kabi kelgusidagi ustuvor vazifalarga ham e’tibor qaratildi.
M.Komilova,
O‘zA