Raqamli sanitariya nazorati: yangi platforma ortiqcha ovvoragarchiliklarga chek qo‘yadi
Bugungi tezkor davrda aholi salomatligini muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish jarayonlarini zamon talablariga moslashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalarida sanitariya madaniyatini yuksaltirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq masaladir. Shu bois, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan sohaga zamonaviy raqamli yechimlarning tatbiq etilishi tizimdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va nazorat mexanizmini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. Buning amaliy ifodasi sifatida fuqarolarni gigiyenik o‘qitish va tarbiyalashga mo‘ljallangan https://study.sanepid.uz onlayn platformasining ishga tushirilishini ko‘rsatish mumkin.
Gigiyenik tayyorgarlikdan o‘tish fuqarolarning sog‘lig‘iga bevosita ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan muayyan, ya’ni dekretiv kasb egalari uchun majburiy hisoblanadi. Shu paytgacha ushbu jarayonlar ma’lum darajada vaqt yo‘qotishlari va qog‘ozbozlik bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, yangi platforma bu muammolarga chek qo‘yib, jarayonning to‘liq raqamlashtirilishini ta’minlaydi.
Hozirgi bosqichda mazkur platforma orqali aholi salomatligi zanjirida eng yuqori xavf guruhiga kiruvchi go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, non va un mahsulotlari, shuningdek, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) hamda tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning mansabdor shaxslari va xodimlari o‘qitiladi. Buning uchun soha mutaxassislari tomonidan maxsus kasbiy-gigiyenik o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular masofaviy ta’lim tizimiga to‘liq moslashtirilgan.
Innovatsion platformaning tahliliy ustuvorligi shundaki, unda ta’lim olish va nazorat qilishning yaxlit zanjiri yaratilgan. Tizim sanitariya-gigiyena bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari, bilimlarni real vaqt rejimida baholovchi interaktiv test sinovlari hamda masofaviy o‘qitish imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi. Eng e’tiborli jihati, o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlaganlar uchun QR-kodli sertifikatlarni avtomatik shakllantirish tizimi joriy etilgan. Bu inson omilini kamaytirib, hujjatlarni soxtalashtirish xavfini mutlaqo yo‘qqa chiqaradi.
Shu munosabat bilan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi yurtimizda faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxona rahbarlarini ushbu platforma orqali hamkorlik qilishga chaqiradi. Mazkur hamkorlik doirasida ish beruvchilar uchun bir qancha iqtisodiy va tashkiliy qulayliklar taqdim etiladi. Xususan, xodimlar ishdan ajralmagan holda, platformada mavjud bo‘lgan tayyor o‘quv kurslari orqali mustaqil ravishda o‘qitilishi mumkin. Shu bilan birga, korxona rahbariyati uchun ommaviy ro‘yxatdan o‘tkazish va o‘qitish jarayonlarini ichki monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilib, korxona kesimida batafsil hisobotlar va analitik ma’lumotlar taqdim etib boriladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA