Raqamlashtirish va sun’iy intellekt — zamon talabi
Bugun raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishda hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Joylarda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan amaliy ishlar, ilg‘or tajribalar va ochiq muloqotlar esa islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglashga xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda, Arnasoy tumani hokimligida Jizzax viloyati hokimining raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ozod Bobomurodov ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbati hududda raqamli transformatsiyani jadallashtirish yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.

Uchrashuvda davlat boshqaruvi tizimida raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish, shu orqali aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda raqamli yechimlar samarali boshqaruv, tezkor va aniq qaror qabul qilishning ajralmas qismiga aylanmoqda.
Ozod Bobomurodov o‘z chiqishida xalqaro tajribaga to‘xtalib, Jahon banki va BMT tahlillariga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruviga joriy etgan mamlakatlarda ma’muriy xarajatlar o‘rtacha 20–30 foizga qisqarganini qayd etdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi sun’iy intellektni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga tatbiq etish uchun mustahkam huquqiy va institutsional asos yaratib berayotganini alohida ta’kidladi.

Davra suhbatida raqamli platformalar orqali aholi murojaatlarini tahlil qilish, ijtimoiy sohada ehtiyojlarni oldindan bashorat qilish, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish kabi yo‘nalishlarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish muhimligiga e’tibor qaratildi. Bu esa ish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish va korrupsiya xavfini qisqartirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda ishtirok etgan Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov mavzudan kelib chiqqan holda, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi:
— Bugun raqamlashtirish va sun’iy intellekt masalalari tumanlar rivoji uchun ham strategik ahamiyat kasb etmoqda. Biz Arnasoyda, avvalo, yer, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy soha va kommunal xizmatlarda raqamli yechimlarni joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz. Sun’iy intellekt asosida ma’lumotlarni tahlil qilish orqali qaysi sohada qanday muammo borligini aniq ko‘rib, manzilli qarorlar qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Eng muhimi, bu islohotlar xalqimiz hayotidagi yengillik va qulaylik bilan o‘lchanadi.
Uchrashuv yakunida raqamli transformatsiyani tizimli yo‘lga qo‘yish, sohada malakali kadrlar tayyorlash, innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy texnologiyalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qator amaliy takliflar bildirildi. Mutaxassislar fikricha, ushbu yo‘nalishda izchil ish olib borish Arnasoy tumanining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etishga bag‘ishlangan bunday ochiq muloqotlar joylarda boshqaruv madaniyatini o‘zgartirish, qaror qabul qilishda tahliliy yondashuvni kuchaytirish hamda islohotlarning natijadorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa o‘z navbatida, zamon talablariga mos, samarali va xalqchil davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA