Raqamlashtirish natijalari tahlil qilindi
Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi missiyasi, Yevropa va O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EuroUz), Yevropa biznes assotsiatsiyasi (AEB), Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park hamkorligida “O‘zbekistonda raqamlashtirish holati” mavzusida onlayn vebinar tashkil etildi.
Tadbir YeI bilan yangi iqtisodiy aloqa ko‘prigini yaratish, 2023 yil davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yoritishga qaratilgan “O‘zbekiston: raqamlardan tashqari” shiori ostidagi tadbirlarning bir qismidir.
Anjumanning yuqori darajali ma’ruzachilari yaratilgan qulay imkoniyatga mos ravishda mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar ishtiroki ortib borayotganini e’tirof etdi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hukumat tomonidan O‘zbekistonni tark etmagan holda Yevropaning istalgan kompaniyasi uchun autsorsing ish o‘rnida ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lajak bitiruvchilar guruhini yaratish borasidagi sa’y-harakatni alohida qayd etdi.
Axborot texnologiyalari sohasida YeI kompaniyalari uchun keng qamrovli tadbirlardan biri hisoblangan mazkur vebinarda onlayn ishtirok etgan 100 dan ortiq Yevropa kompaniyasi tadbirni ijtimoiy tarmoqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bordi.
O‘zA