Rahmat sizga, askar og‘alar, qahramon otalar!
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘ida joylashgan “Shon-sharaf” muzeyi 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida odamlar bilan har doimgidan ham gavjum. Bog‘ning ostonasidan ichkari kirarkansiz, sizni g‘alaba kuyining ajib taronasi qarshi oladi. To muzeyga yetib borguningizcha ajoyib bir holatning guvohiga aylanasiz. Chap tarafdagi qator tizilib turgan tanklar ustida sakrab yurgan bolajonlarni ota-onalari suratga olishyapti. Zotan bugun bolajonlar uchun o‘yinchoq vazifasini bajarayotgan bu tanklar Ikkinchi jahon urushi davrida askarlarning so‘nggi umid mayog‘i bo‘lgan. SU-100, T-34, IS-2, Is-3, ISU-152, PT-76 rusumli og‘ir va yengil tanklar har birining o‘z bajaradigan vazifasi bo‘lgani tabiiy. Ilohim bu tanklar, zambaraklar mana shu bog‘da bir umrlik haykal vazifasida qolsin va ular hech qachon insoniyatga xizmat qilmasin.

Bog‘ning o‘ng tarafida askarlar dushmanga zarba beradigan va o‘z jonini asrashi uchun xizmat qilgan ramziy okoplar. Odimlab ichkari yurganingiz sari hayratingiz va hayajoningiz ortib boraveradi. Yo‘lak chetlariga qo‘yilgan suratlarda urush davrida yashagan insonlarning hayotlari aks etgan lavhalar. Bir surat e’tiborimni tortdi. Unda onalarning o‘g‘illariga, singillarning akalariga, qizlarning sevgan yigitiga yozgan maktublaridan parchalar keltirilgan. ”...Salom bolajonim, oyog‘ingdan sovuq o‘tmayaptimi”, deb boshlangan bir maktub, “Akajon, do‘stlaringiz bilan tushgan suratingizni yuboring”,” Eson-omon urushdan qaytsangiz, bahorda to‘y qilamiz...”

Yo‘lak bo‘ylab yurar ekansiz, kursilarda xayolga cho‘mib o‘tirgan otaxonlarga, farzandiga nimalarnidir tushuntirayotgan ota-onalarga duch kelasiz. Muzeyga kiraverishdagi xotira maydonchasi yonida turgan xorijlik sayyoh e’tiborimni tortdi. Uni suhbatga chorladim.

Bob BAUMANN,
amerikalik tarixchi:
–Men O‘zbekiston tarixiga judayam qiziqaman. Va bu yerdagi ko‘plab tarixiy shaharlar – Samarqand, Buxoro, Xivada bo‘lganman. Har bir sayohatimdan ko‘plab taassurotlar olaman.

Urush haqida gapirish va uni eslash har qanday zamondayam og‘riqli. Bir narsani bilamanki, urush hech kim uchun, hech qachon yaxshi bo‘lmagan. O‘sha davrning guvohi bo‘lganlargina bu narsani to‘laligicha his qiladi. Urush vaqti nafaqat oddiy xalqqa, balki davlat boshqaruvchilariga ham oson kechmagan. Ularning zimmasida tanklar, zambaraklar orqali qayernidir bosib olish vazifasidan tashqari, odamlarga ruh berish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘ota olish masalalariyam turgan. Chunki urushga kirishdan oldin xalq bu narsaga ruhan tayyor bo‘lishi kerak bo‘lgan.

Urush davri haqidagi har qanday maqola yoki ma’lumotni o‘qiganimda har gal o‘sha paytda ularga yordam bera olmaganimni his qilaman. “Shon-sharaf” muzeyi ham judayam boy tarixga ega ekan. Bu yerdagi qahramonlarning og‘ir hayoti haqidagi xotiralar tinchlikning qadriga yetish va uni asrab - avaylashga xizmat qilishiga ishonaman.

Tarixchi bilan suhbatdan so‘ng muzeyning birinchi qavatiga yo‘l oldim. G‘alabadan xabar beruvchi garmoniya ovozi ostida muzey ichini tomosha qilishga kirishdim. Birinchi qavatdagi aksariyat kompozitsiyalarda janglardagi holat yoritib berilgan. Ana, Berlin shahrida Adolf Gitler ko‘chasidagi jang aks ettirilgan maydon. Maydonda halok bo‘lgan askarlarning jasadlari, derazalarning siniq oynalaridan o‘q uzayotgan askarlar, mototsikl ustida o‘tirganicha jon bergan yigitlar haykallari. Yerda ingrab yotgan yarador otalar...
Frond ortidagi hayot aks etgan lavhalar haqida ma’lumotga ega bo‘lish uchun nazoratchi Gulnora NURMATOVAning izohlariga quloq tutdim.

– Erkaklar jangga ketgach, xotin-qizlar hamma mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishgan, –deydi G. Nurmatova. – Erkaklar qiladigan ishlarning barchasini ayollar bajarishgan. Katta hajmdagi og‘ir vaznli quvurlarni tashishgan, Farhod GESi qurilishida ishtirok etishgan, hattoki tokarlikni ham o‘z zimmalariga olishgan. Zamira Mutalova, Oppog‘oy Rustamova, Nazira Yo‘ldosheva, Mastura Azizova, M. Ikromova, Mehriniso Ubaydullayeva, Bashorat Mirboboyeva kabi ayollar mana shunday front ortida qahramonlik ko‘rsatgan. Bashorat Mirboboyeva birinchi mashinist ayol bo‘lgan, ya’ni o‘zi parovoz haydagan.
Bundan tashqari, muzey ichida urush davriga xos kiyim-kechaklar, oziq-ovqatlar, turli rusumdagi o‘qotar miltiqlar, harbiy kasalxonani eslatadigan jihozlar, harbiy orkestr cholg‘u asboblaridan namunalar, jangovar bayroqlar aks etgan surat va ularning asl nusxalari ham mavjud. Bu yerda “Ilhaq” filmi qahramoni – besh o‘g‘lini urushga jo‘natgan Zulfiya aya Zokirova haykali va kelinlari bilan tushgan suratlar aks etgan lavhalarni ham ko‘rish mumkin.

Ikkinchi qavatda urushda qatnashib, qahramonlarcha halok bo‘lgan shaxslarga tegishli orden, medallar o‘rin olgan.
Va nihoyat uchinchi qavatga, ya’ni qahramonlarning haykallari tomon yo‘l oldim. Haykallar muzeyning eng yuqori cho‘qqisiga o‘rnatilgani va bu cho‘qqiga chiqish oson emasligining ramziy ma’nosini tushungandek bo‘ldim. Aylanma zinalardan birma-bir qadam bosib, yuqoriga ko‘tarilgan sayin urushda jasorat ko‘rsatgan qahramonlarning ramziy qabrlari aks etgan va ularning nomlari bitilgan qabrtoshlar yonida g‘alabaga erishish oson kechmaganini ich-ichimdan his etdim.
Mana o‘sha o‘zbekning mard, jasur o‘g‘il-qizlaridan tashkil topgan 15 kishilik jangovar guruh haykali. Ularning biri general, biri ofitser, o‘qchi, mergan, pulemyotchi, tankchi, razvedkachi, komandir, uchuvchi, sapyor, sanitar-feldsher...

Bizning bugungi tinch, osuda hayotimiz uchun o‘z jonini tikkan mardlar poyi ostida bir daqiqa sukut saqladim. Va baralla ovozda ularga akalarim, opalarim, singillarim, farzandlarim, hamyurtlarim nomidan tashakkur aytdim. Rahmat sizga, askar og‘alar, qahramon otalar.
Nigora Rahmonova, O‘zA