Rahbarlar deputatlarga axborot berdi
21-avgust kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oʻn ikkinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
21-avgust kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oʻn ikkinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
ZOOM dasturi orqali onlayn tarzda tashkil etilgan sessiya ishida viloyat Kengashi deputatlari bilan birga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari U.Inoyatov va Samarqanddan saylangan deputatlar, Senat aʼzolari qatnashdi.
Sessiyada dastlab viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi D.Jumaniyozovning karantin tartiblari bosqichma-bosqich yumshatib borilishi munosabati bilan fuqarolar sanitariya talablariga qatʼiy rioya etishlari zarurligi, aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining oʻz vaqtida va sifatli koʻrsatilishi yuzasidan viloyat ahliga murojaati eshitildi.
– Respublika maxsus komissiyasining iyul - avgust oylarida joriy qilgan karantin cheklovlari natijasida hozirgi kunda viloyatimizda koronavirus bilan kasallanish ancha kamaydi – dedi D.Jumaniyozov. – Natijada, Samarqand shahridagi 3 ta shifoxonamiz koronavirus bilan kasallangan bemorlarni qabul qilishni toʻxtatib, oʻz profili boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatishni boshladi. Samarqand shahridagi olimpiya zahiralari sport majmuasida tashkil qilingan 1080 oʻrinli davolash va taqsimlash markazi bemorlarimizga samarali xizmat koʻrsatmoqda.
Bugungi kunga qadar sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan profilaktika muassasalariga 20 milliard 880 million soʻmlik 50 turdagi 1598 dona zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi. Shuningdek, viloyat hokimligi yordami bilan 1220 dona kislorod ballonlari, 75 ta kardiomonitor, 2000 ta bobrov apparati, 1500 ta pulsoksimetr olib kelindi. Viloyatdagi tibbiy kislorodga boʻlgan ehtiyoj oshishi ehtimoli inobatga olinib, Fransiyada ishlab chiqarilgan, qiymati 600 ming AQSH dollariga teng, quvvati soatiga 55 kub boʻlgan kislorod zavodi olib kelib oʻrnatildi. Tez tibbiy yordam xizmati sifatini oshirish maqsadida 83 dona “Damas”, 10 dona “Volkswagen” va 2 dona “Isuzu” rusumli maxsus avtomashinalar xarid qilindi.
Shundan soʻng, viloyat prokurori F.Zufarovning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda 2020-yil 6 oyi davomida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.
Axborotda qayd etilishicha, hisobot davrida koʻrilgan choralar, davlat organlari huquqiy hujjatlarining doimiy ravishda oʻrganilishi natijasida 6056 ta prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilib, 1343 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.
Prokurorlarning qaror va taqdimnomalari asosida 2012 nafar shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortildi. Noqonuniy qarorlarga 1349 ta protest keltirildi hamda sudlarga 19 milliard soʻmlik 614 ta daʼvo arizalari kiritildi.
Oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasi bilan hamda jinoyatlarni tergov qilish jarayonida 14 milliard soʻmlik yoki 96 foiz zararlarning undirilishi va mahalliy byudjetga tushirilishi taʼminlandi. Faqatgina umumiy nazorat yoʻnalishi boʻyicha qoʻpol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 157 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Uchrashuv, qabul va nazorat tadbirlari davomida 605 nafar tadbirkorlarning turli muammolari bartaraf etildi. 59 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi. Tadbirkorlar huquqlarini poymol etgan 19 nafar mansabdor shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 3 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Viloyatda yilning birinchi yarmida 1808 ta jinoyat hisobga olindi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 484 ta (36,6 foiz)ga koʻpdir. Xususan, Paxtachida 27 ta, Bulungʻur va Narpayda 24 tadan, Ishtixonda 20 ta hamda Oqdaryoda 18 ta mahallada jinoyatlar oshib, kriminogen vaziyat yomonlashgan.
Sessiyada viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi S.Nuriyevning 2020-yil birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyoti holati yuzasidan axboroti ham tinglandi.
Taʼkidlanishicha, hisobot davrida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyat hokimligining 9 ta, tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan tuman (shahar) hokimliklarining 48 ta normativ-huquqiy tusga ega boʻlgan qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib, ularining 51 tasiga ijobiy xulosalar berilgan. 6 tasi belgilangan talablarga javob bermaganligi uchun qaytarilgan. Shuningdek, Adliya vazirligi hamda viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan ish rejaga muvofiq Jomboy, Nurobod, Past Dargʻom, Bulungʻur, Samarqand tumanlari hamda Samarqand shahar hokimliklarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyati oʻrganilib, hokimliklar tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha 6 ta taqdimnoma kiritildi. Koʻrilgan choralarga asosan mazkur hokimliklar tomonidan qabul qilingan 69 ta qaror va farmoyishlar bekor qilinib, 50 ta qarorning qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilishi taʼminlandi.
Deputatlar xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyasining viloyatda qurilish sohasida amaldagi qoida va meʼyorlarga nechogʻlik amal qilinayotgani, bu boradagi qonunbuzilish holatlariga qarshi kurashish yuzasidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan 2020-yil 19-iyunda yuborilgan Kengash soʻrovi yuzasidan viloyat hokimining oʻrinbosari A.Shukurovning axborotini ham tinglab, ushbu masalani qizgʻin muhokama qildilar.
A.Shukurov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-yanvardagi qaroriga asosan 367,8 milliard soʻm mablagʻ evaziga viloyat boʻyicha 101 ta ijtimoiy soha obyektida qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari bajarilayotganini qayd etdi. Ularni oʻz vaqtida, sifatli qurilish materiallari bilan taʼminlash, quruvchilar uchun xavfsiz mehnat sharoiti yaratish borasida zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Shu bilan birga bugun viloyatda uy-joylar va yakka tartibdagi qurilishlar koʻlami kengayib borayotgani natijasida mazkur obyektlarda ham qurilish meʼyorlari va qoidalariga rioya etilishida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Ushbu yoʻnalishda tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat tadbirlarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda viloyatimizda 2303 ta qurilish-pudrat tashkiloti roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ularning 1090 tasi toʻliq quvvatda faoliyat koʻrsatmoqda.
Sessiyada viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari J.Oʻroqovning kambagʻal oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti ham koʻrib chiqildi.
Hisobotda viloyatda kambagʻalllikni qisqartirish boʻyicha sektor rahbarlari, iqtisodiy kompleks hamda mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida yil boshidan buyon “temir daftar”ga kiritilgan 47 770 ta kambagʻal oilaning 6857 tasi doimiy daromad manbaiga ega boʻlgani va roʻyxatdan chiqarilgani qayd etilgan. Oʻz navbkatida pandemiya davrida doimiy daromadini yoʻqotgan 4522 ta oila roʻyxatga kiritilgan. Har bir kambagʻal oilani qoʻllab-quvvatlash hamda ularni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar “Saxovat.argos.uz” dasturi orqali hisobga olib borilmoqda. “Saxovat va koʻmak” umumhalq harakati tadbiri doirasida joriy yilning 1-avgust holatida kambagʻal oilalarga saxovatpesha tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan jami 36,4 mlrd.soʻmlik koʻmak koʻrsatildi. Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan respublika byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan 10 ming oilaga 1 mln.soʻmdan, Prezidentimizning 2020-yil 30-iyuldagi farmoniga asosan 37541 muhtoj oilaning 167 422 nafar aʼzosiga 220 ming soʻmdan, jami 36,8 milliard soʻm bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi.
Sessiyada deputat Yuldashev Sherali Mamaraimovich xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi kotibiyati mudiri lavozimiga tasdiqlandi. Shuningdek, kotibiyat bosh va yetakchi mutaxassislari ham maʼqullandi.
Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan viloyat Kengashining qarorlari qabul qilindi.