Quyoshning taftidan rang olgan chehralar
Qishloq odamlari boshqacha-da – samimiylik, rostgo‘ylik, mehnat shavqi ufurib turadi go‘yo ularning yuzidan. So‘zlarida shukronalik, ko‘zlarida g‘ayrat va hayotdan rozilik balqib turadi.
Qishloqning o‘ziga xosligi, fayzi bu yerda yashayotgan ayollarimiz, kayvoni onaxonlaru duogo‘y momolar bilan yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi nazarimda. Saharmardonda ko‘chalarga suv sepib supurayotgan kelinchaklar, yo‘l chetlariga, uylar oldiga rayhonu jambil ekib, anvoyi gullar parvarishlab, orastalik, obodlik ramziga aylangan qishloq ayollarining orzulari ham musaffo tuyg‘ularga esh. Farg‘onada ham fayzli mahallalarda istiqomat qilayotgan opa-singillarimiz har sohada namuna bo‘layotir.
– Qishloqlarimiz borgan sari obodlashib bormoqda. Yo‘llarimizga asfalt yotqizilyapti, yangi korxonalar ochilyapti, ishsizlik kamaymoqda. Tadbirkorlik, dehqonchilik qilaman, deganlar uchun imkoniyatlar talaygina. Tomorqadan unumli foydalanish yuksalyapti. Kimdir issiqxona qurib mo‘may daromad topayotgan bo‘lsa, kimdir chorvachilik orqasidan to‘ylar qilyapti, – deydi Qo‘shtepa tumani hokimi o‘rinbosari Maryamxon Yo‘ldosheva. – Yangi avtomobil sotib olayotganlar, haj va umra ziyoratiga borib kelayotganlar safi yil sayin ortyapti. Bularning hammasi odamlarning turmush tarzi yaxshilanayotganidan, Prezidentimiz, hukumatimizning qishloqqa e’tiboridan darak beradi. Ayollarimiz uchun ham keng imkoniyatlar yaratilyapti. “Ayollar daftari” orqali ishsiz, ehtiyojmandlar moddiy-ma’naviy qo‘llanyapti.
Hozir qishloqlarimizda bekorchi odamni topish qiyin. Kuzak, yig‘im-terim ishlari avjida. Ko‘klamdan boshlab qilingan mehnat samarasidan mamnun bobodehqonlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Yangi marralarni ko‘zlab, yanagi yil hosili uchun zamin hozirlashga kirishgan fermerlarning shashti baland.

– Bu sohani tanlaganimdan afsuslanmayman. Chunki fermerlikning orqasidan to‘ylar qilyapmiz, odamlar taniyapti. To‘g‘ri, ayollarning erkaklarga qaraganda ojiz jihatlari ko‘p, lekin g‘ayrat va sabrda xotin-qizlarimizni o‘rnak qilib ko‘rsatsa bo‘ladi, – deydi Rishton tumanidagi “Agronom Aliyev” fermer xo‘jaligi rahbari Nodiraxon Aliyeva. – Qishlog‘imiz ayollari bilan yil bo‘yi birga mehnat qilamiz, ular uchun yaxshi sharoitlar yaratish, imkon qadar ko‘maklashish harakatidamiz. Farzandlarini o‘qitishda yordamlashish, yurtimiz bo‘ylab sayohatga olib borish, bayramlarda e’tibor ko‘rsatish, to‘y-ma’rakalarda yonida turish odamga zavq bag‘ishlaydi. Ularning baxtdan yorishgan yuzlarini ko‘rishga intilaman. Bu yil fermer xo‘jaligimiz bir milliard so‘mdan ortiq daromad qilmoqda. G‘alladan hosildorlik 100 sentner, paxtadan esa 50 sentnerga yetdi.
Garchi odmi kiyingan, o‘ziga ortiqcha oro bermagan bo‘lsa-da, qishloq ayollarining uy-ro‘zg‘ori butligi, farzandlar kamolidan, qolaversa, quyoshning mehrli taftidan yoqimli rang olgan yuzlari kishi qalbiga taskin bag‘ishlaydi. Ularning baxtli hayot haqidagi soddagina, lekin mehrli tushunchalari ko‘ngillarga surur olib kiradi.
Tandirdan uzilgan qaynoqqina po‘rsildoq nonning tafti, ko‘ylaklar yoqasiga qadalgan qalampirmunchoqdan taralayotgan ajib ifor, sharafli mehnat orasida shundoq dalaning o‘zida yozilgan kamtarona dasturxonga tortilgan taomning huzurbaxsh ta’mi, kechki salqinda uyga qaytar chog‘i yangragan beg‘ubor kulgular, tinchligu xotirjamlik tilab qilingan duolar, qadoq qo‘llardan kuch olgan yuraklar dupuri – bular qishloq ayollarining o‘ziga xos go‘zalligi, tarovati va sehru jozibasidir.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri.