Quyoshliq istasang, kasbi kamol et
Islohotlar – amalda
Ota-onaning farzandlaridan roziligi, farzandlarning ota-onasidan roziligi, er-xotinning bir-biridan roziligi, bozordagi, oldi-berdidagi, ko‘ngildagi rozichiliklar... Eh-he, sanab sanog‘iga yetish qiyin. Alqissa, rozilik so‘zida ulkan ma’no mujassam. Biz necha yoshga kirganimizdan qat’i nazar, doim bolaligimizni eslaymiz, uning shirin-shirin onlarini qumsaymiz. Ayniqsa, ilk bor kichkinagina jussamizga mos qilib onalarimiz, buvilarimiz tikib bergan latta sumkaga kitob-daftarlaru ruchka va siyohdonni joylab, yelkamizga ilib maktabga borgan kunlarimiz, birinchi o‘qituvchimiz peshvoz chiqib, sinf xonasiga yetaklab kirgan daqiqalar, undan keyingi birinchi qo‘ng‘iroq tantanalari-yu, birinchi dars, birinchi o‘qituvchimizning yorqin chehrasi yodimizga keladi. Ana shunday paytlar beixtiyor “o‘qituvchimiz bizdan rozi bo‘lsinlar”, deb lablarimiz shivirlaydi. Gohida duo uchun ochilgan qo‘llarimizni yuzimizga surib, barmog‘imiz bilan ko‘zimizdagi bir tomchi sog‘inch yoshini artib ham qo‘yamiz...
Ha, bu yuraklar tubidan sizib chiqadigan bir tomchi yosh o‘qituvchiga, ustozga bo‘lgan mehr yoshi, rizolik yoshidir. Bu bejiz emas, albatta. Osmono‘par binolarning ko‘rku salobatida poydevorning o‘rni qanchalik muhim bo‘lsa, inson hayoti va faoliyatida ham ta’lim-tarbiyaning ahamiyati shunchalik muhim va qimmatlidir. Ana shu qimmatli ta’lim-tarbiyaning o‘chog‘i esa har bir insonning, har birimizning taqdirimiz bilan chambarchas bog‘liq.
Shunday ekan, bugungi yosh avlod ham ta’lim-tarbiyaga nechog‘lik chanqoq-ki, buning salmog‘i bog‘chaga yugurib ketayotgan, maktab ostonasini hatlab o‘tayotgan, oliy ta’lim muassasalariga o‘qish uchun hujjat topshirayotgan yigit va qizlarning istak va intilishlari bilan o‘lchanadi.
Ularni rozi qilish, ta’lim-tarbiya olishlari uchun keng sharoitlar yaratish davlat rahbarining nafaqat orzusi, kunlik faoliyatiga aylanganligini hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakatlari evaziga ta’lim sohasi tubdan isloh qilinmoqda. Ochig‘i, mana to‘rt yildirki, mamlakat ta’lim-tarbiya tizimiga alohida e’tibor qaratilayotganligining hammamiz guvohimiz.
Ota-bobolarimiz har doim farzand ta’lim-tarbiyasiga ertaga qoldirib bo‘lmaydigan majburiyat sifatida qarab kelgan. Donishmandlarimiz, tarbiya tug‘ilganidan boshlanadigan va kechiktirib bo‘lmaydigan jarayon, deb bejiz aytishmagan. Davlatimiz rahbari ana shunday milliy qarashlarimizni inobatga olgan holda sohani tubdan isloh qilish choralarini ko‘rmoqda.
Masalan, keyingi to‘rt yil davomida kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha qamrab olish ikki barobardan ortib, oltmish foizga yetdi. Bog‘chalar soni uch barobarga ko‘payib, o‘n to‘rt mingdan oshdi. Maktabgacha ta’lim vazirligi va quyi organlarining tashkil etilganligi, maktabgacha ta’lim muassasalari son va sifat jihatidan yaxshilanganligi ota-onalar uchun ham, jamiyat uchun ham foydali bo‘lmoqda.
Birinchidan, donishmandlarimiz ta’kidlaganlaridek, bolalar o‘z vaqtida yoshiga nisbatan ta’lim-tarbiya olmoqda, ma’lum darajada bilim olishmoqda, turli mashg‘ulotlar orqali iqtidorini ro‘yobga chiqarishmoqda. Ikkinchidan, ota-ona bolasini bog‘chaga topshirib, bexavotir ishlash imkoniga ega bo‘lmoqda. Uchinchidan, tibbiy nazorat ostida bolalar yoshlariga munosib sharoitlarda ovqatlanmoqda, parvarishlanmoqda.
Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir” degan xitobi shior qilinib, bu borada ham so‘nggi to‘rt yil ichida odamlarning ko‘nglini yorishtiradigan, ularni rozi qiladigan ishlar amalga oshirildi.
Uyma-uy, mahallama-mahalla yurib, xalqning ichiga, aniqrog‘i qalbiga kirib borgan davlat rahbari xalq ta’limi tizimini o‘rganib, mavjud muammolarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, sohaga oid o‘nga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni imzoladi. Ular asosida Vazirlar Mahkamasining 20 dan ortiq qarori qabul qilinib, amaliy chora-tadbirlar belgilandi va ularning ijrosi ta’minlanmoqda. Eng muhimi, ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab ta’lim tizimi tiklandi. O‘quvchilar uchun majburiy bo‘lgan va ma’nan eskirgan kollej tizimidan voz kechildi. bugungi kunda xalq ta’limi tizimi, umumiy o‘rta maktab ta’limi sifatida tizimli ravishda isloh qilinmoqda.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida xalq ta’limi tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayonida ta’limning innovatsion shakllari va usullarini keng qo‘llash masalalari ilgari surildi. Prezidentning 2019 yil 29 apreldagi 5712-sonli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Prezidentimiz iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga juda katta e’tibor qaratmoqda. Buni bugun hammada qiziqish uyg‘otayotgan Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Ishoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari misolida ko‘rish mumkin. Yangi va zamonaviy namunada qurilayotgan bu kabi ta’lim dargohlari bolalarimizni o‘z bag‘riga olib, ularning quvonchiga quvonch qo‘shmoqda. Bu o‘zgarishlarni ko‘rib-bilib turgan ota-onalarning roziligi esa cheksiz.

Ta’lim-tarbiyaning yana bir muhim yo‘nalishi – oliy ta’limdir. Bu borada ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni davlat siyosatidan rozi qilmoqda. Keyingi yillarda oliy ta’lim olishni o‘z oldiga qo‘ygan yigit-qizlar uchun eng muhim imkoniyatlardan biri kvotalarning oshirilishi, oliy ta’lim muassasalarini tanlash imkoniyatlarining joriy etilishi va kengayishi, test sinovlarining adolatliligi, oliy ta’lim olishning sirtqi, kechki yo‘nalishlarining joriy etilishi, oilaviy ahvoli og‘ir bo‘lganlar va ta’lim krediti uchun imtiyozlar berilishi va boshqalardir.
–Turmush o‘rtog‘im jurnalist, o‘zim harbiy qismda nazoratchi bo‘lib ishlayman, – deydi men bilan suhbatda Nigora Aliqulova. – O‘tgan o‘quv yilida ikki farzandimiz – Oybek va Shahnoza oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ldi. Qizim Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga, o‘g‘lim O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetiga o‘qishga kirdi. Bir yo‘la ikki farzandimning o‘qishga kirishi sohada olib borilayotgan islohotlar natijasi, deb hisoblayman va, albatta, Prezidentimizning yosh avlodga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligidan minnatdorman...
Yana shuni ta’kidlash joizki, 2021 yil 5 mart kuni “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori e’lon qilindi. Unga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi, ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlarini ikki baravarga oshirish orqali ikki mingtaga yetkaziladi. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etiladi.
– Qizim Toshkent shahriga o‘qishga ketganida uning talaba bo‘lishiga ishonmagandim, – deydi xatirchilik Shohsanam Mamasodiqova. – Qizim Shodiya Pardaboyeva O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi bo‘lganini eshitib quvonishni ham, quvonmaslikni ham bilmadim. To‘g‘ri, eng nufuzli universitetga kirgani quvonarli, lekin uning to‘lovichi? Otasi 2007 yilda ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan, ikki o‘g‘il va bir qizni otasiz o‘stirishning o‘zi bo‘lmas ekan. Ana shu muammoni yolg‘iz ona sifatida ko‘p o‘yladim, tarozining bir tomonida qizimning qalbi, ikkinchi tomonida oilaviy ahvolimiz turardi. Prezidentimizning ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni hokimliklar hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etiladi, degan so‘zlarini eshitib ko‘zimdan yosh otilib ketdi. Gazetani topib, ko‘zlarimga ishonmasdan qayta-qayta o‘qiyapman... Prezidentimizdan mingdan ming roziman...
Ha, xalqni rozi qilish borasida qilinayotgan ishlar sanoqsiz. Ular haqida ko‘p gapirish mumkin. Muhimi, davlat rahbarining ta’lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o‘qitish metodlari, ta’lim standartlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilash, bilim berishda ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an’ana va qadriyatlarga suyanish kabi tashabbuslari har birimizning zimmamizga muhim vazifalar yuklaydi.
Biz elektoratimiz vakillari – pedagog-o‘qituvchilar hamda deputatlik korpuslarimiz bilan islohotlarda faol ishtirok etishimiz, ularning ijrosiga daxldorlik hissi bilan shijoat ko‘rsatishimiz zarur. Zero, kelajagimiz darg‘alarini tayyorlaydigan ta’lim maskanlari taraqqiyotini rivojlantirish – bu bir butun jamiyatning ishi. Unga xizmat qilish esa barchamizning burchimizdir.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari.
O‘zA