“Quyoshim – enam” – onalarga atalgan madhiya
Atoqli ijodkor Guljahon Mardonova g‘oyat samimiy, jaydari, xalqona ohangda faoliyat olib boruvchi qalamkashdir. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur ijodiy tashkilot a’zosi Guljahon Mardonovaning “Quyoshim – enam” nomli nasriy kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, taniqli jurnalistlar Nasiba Ibrohimova, Qutlibeka Rahimboyeva, Muhtarama Ulug‘ova va boshqalar ijodkorning xalq oldidagi xizmati odamlarga beradigan mehri bilan o‘lchanishini ta’kidladi.
Ma’lumki, adabiyotda ona obrazi azal-azaldan turli tillarda, yorqin bo‘yoqlarda ifoda etilgan. Ular g‘oyat betakror, o‘ziga xosligi bilan ahamiyatlidir. Hayratlanarli jihati, dunyo onalari obrazi bir-birini to‘ldiradi, boyitadi.

Guljahon Mardonovaning “Quyoshim – enam” kitobida ona obrazi yana bir karra yangi talqinda namoyon bo‘ladi. Tadbirda mazkur kitobning ahamiyatli jihati xususida batafsil so‘zlandi.
Aytish joizki, muallif ushbu povestida ona obrazini yaratishda mutlaqo yangi yo‘ldan boradi. Ona o‘zining ruhiy va ma’naviy olami, irodasi, sabri, bardoshi, qanoati, kerakli o‘rinlarda o‘zbekona xayrli tadbirlari bilan millat tarbiyachisiga aylanadi. Asarni o‘qigan kitobxon millat “xaritasi” bo‘ylab sayohat qiladi. Asar keng kitobxonlar auditoriyasi va adabiyot ixlosmandlariga mo‘ljallangan.
Tadbirda ushbu asarda yuksak insoniy hislar bilan sog‘inch tuyg‘ulari uyg‘un keladi, deb ta’kidlandi. Ota, ona, aka-uka, qarindoshlarning go‘zal insoniy fazilatlari, jasorati, shijoati bitilgan sahifalarni o‘quvchi entikib o‘qishi tabiiy. Asarda xalq ichida yurgan og‘zaki ijodning turfa ko‘rinishlari – marosim qo‘shiqlari, ertak, rivoyat, maqollar ham bevosita ona obrazi orqali taqdim etiladi.
– Odatda men mualliflar bergan kitoblarni ikkilanib qo‘lga olaman, – dedi uyushma a’zosi, adabiyotshunos olim Bahodir Karimov. – Guljahon Mardonova kitobining qo‘lyozmasi ish stolimda ko‘p vaqt navbat kutib turdi. Unda ne sir-sinoat borligi, to‘g‘risi menga qorong‘i edi. Bir kuni imkon topib, kitobni xotirjam qo‘lga oldim. Ikki o‘qishda zavqlanib o‘qidim. Hikmatlari, hayajonlari ham, aytimlari, hikoyatu rivoyatlari, tasvir va talqinlari ham menga ma’qul keldi.
Povestdagi voqea-hodisalar asosan onaning hayoti – kundalik turmush tashvishlari, farzand tarbiyasi, turmush o‘rtog‘ini qadrlash, qarindosh-urug‘lar va qo‘ni-qo‘shnilarga munosabati asosida izchil va mantiqiy ochib berilgan.
Asarning “Qo‘rg‘onim otam”, “Ko‘pkari voqeasi”, “San’at saodati” bo‘limlarida otaning, “Badaxshonlik professor” bo‘limida akaning, ba’zi bo‘limlarda oila a’zolarining qanday inson ekani hayotiy voqealarda aks etgan bo‘lsada, oiladagi ahillik, totuvlik, mehribonlik, oqibatlilikning shakllanishida onaning fazilatlari – mehnatkashlik, farosatlilik, sabr-bardoshlilik muhim o‘rin tutishi o‘z ifodasini topgan.
Taqdimotda professor Nishonboy Husanov asar haqida gapirar ekan, kitob qahramoni sifatida enasi Xadicha onaxon hayotini so‘zlashini alohida qayd etdi. Asarda ona obrazi cheksiz mehr va muhabbat, teran mahorat bilan tasvirlangan. Bu kitob har bir o‘quvchida katta taassurot qoldirishi shubhasiz.

Kitob “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyatida 1000 tirajda nashrdan chiqqan.
Hadisda “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deyilgan. Guljahon Mardonovaning “Quyoshim – enam” kitobini o‘qir ekanmiz, hadislarning naqadar purma’no va haqqoniyligiga yana bir karra ishonch hosil qilamiz. Taqdimotda so‘zga chiqqanlar asarning ayni jihatlariga asosiy e’tibor qaratdi.
Aytish joizki, Guljahon Mardonovaning “Nur to‘la uy”, “Xushro‘ylik sirlari”, “Alla aytay, jonim bolam”, “Farzandingizga o‘yinlar”, “Ori qo‘shiq bo‘lgan yurt”, “Oilada farzandlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash”, “Milliy ma’naviy qalriyatlar va komil inson tarbiyasi”, “Istiqloldan yashnayotgan yurt”, “Onam aytgan allalar”, “O‘zbek xalq qo‘shiqlari”, “Ertaga quyosh chiqadi” kabi kitoblari nashr etilgan.
Tadbirda ishtirokchilarga kitob tuhfa etildi.
N.Usmonova, O‘zA