Quyosh panellaridan foydalanish ko‘lami kengaymoqda
Mamlakatimizda keyingi yillarda iqtisodiyot tarmoqlarini, ijtimoiy soha ob’ektlarini, aholi xonadonlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, mavjud energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish, ayniqsa, muqobil energiya turlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi sonining o‘sishi bilan elektr iste’moli ortib borayotganligini ta’kidlab, yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, quyosh, shamoldan elektr energiyasi olishga qaratilgan loyihalarni hamda gidroelektr stansiyalarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriqlar ijrosi, qolaversa, “Yashil energiya”dan foydalanish ko‘lamini kengaytirish borasida Andijon viloyatida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Shahrixon tumanidagi "Sahovat teks” ishlab chiqarish korxonasi hududiga 500 kilovatt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Bundan tashqari, tumanda mas’ul va mutasaddilar tomonidan tadbirkorlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilib, tadbirkorlik sub’ektlariga quyosh panellarining afzalligi va foydali jihatlari haqida keng tushuncha va ma’lumotlar berilmoqda.
[gallery-18723]
Olib borilayotgan targ‘ibot ishlari xavfsiz va zararsiz “Yashil energiya” manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari