Quyosh guli – momaqaymoq
Erta bahorning quyoshi va qiyg‘os ochilgan gullari o‘zgacha. Quyosh tevarak – atrof, butun borliqqa beminat nurlarini sochaveradi. Qora bulutlar moviy osmon yuzini egallab, momaqaldiroqlar gumbirlab, chaqmoqlar chaqishi va kutilmaganda yomg‘ir boshlab qolishi, hamma-hammasi – bahoriy go‘zallik manzaralari. Momo quyosh olamga bor mehri, illiq nurlarini sochaveradi, fasllar almashaveradi.
Mana bir pastda biz sog‘inib kutgan ko‘klamning bir oyi ham o‘tib ketdi. Aslida bahor – gullar oyi hisoblanadi. O‘simliklar, buta va daraxtlar bor-ki, gullayveradi.
Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan qadrdon ishxonamga kelar ekanman, ko‘chalarimizga, yo‘l yoqalariga ekilgan lolalar turfa rangda – qizil, alvon, sariq, oq, binafsha ranglarda ochilib yotganini ko‘rib, ular yonidan befarq o‘tib keta olmadim. Nafis go‘zallikni qo‘l telefonim kamerasiga “joyladim”.
Lolalar yer bezagi, bahorning ko‘rkam gullaridir. Yuksak tog‘larimiz, adirlarimizda tabiiy holda ochilib turgan turfa rang, bo‘yli gullar, lolalarni ko‘rsangiz, tabiatning naqadar buyuk yaratguvchi musavvir ekaniga tan berasiz. Ko‘chalarimizni go‘zal, gul-lolalar ekib, parvarish qilayotgan insonlarga rahmatlar aytasiz.
Keng yo‘lak bo‘ylab ketib borarkanman, qandaydir “ovoz”lar qulog‘imga chalinganday bo‘ldi. Yon-atrofga qarayman, evoh, mamoqaymoqlar! Quvonib ketdim. Sariq guli – savatchalarini quyoshga qaratib, biz ham senga o‘xshaymiz, ha, quyosh gullarimiz, quyoshdan nusxa olganmiz, rangimiz sariq, shaklimiz dumaloq, deyayotgandek momaqaymoqlar.
Ular borliqning egasidek olamga nur taratayotgan quyosh ila tillashayotgandek edi nazarimda. Barglarini aytmaysizmi, ular ham tilga kirib: “Bizlar turli kasalliklarga davomiz, tanamizdan suv emas, oppoq sut oqadi, ular koni foyda, ildizimiz – quvvatimiz” deya shivirlayotgandek.
Lolalar. Do‘rmon ko‘chasi
Shu payt negadir, buyuk bobokalonimiz, tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino haqidagi kitoblarda o‘qigan satrlarim yodimga tushdi. Emishki, Ibn Sino giyohlar qoshidan o‘tib qolsa, giyohlar tilga kirib, men falon kasallikka davo bo‘laman”, deb aytar ekan. Haqiqatdan ham buyuk bobokalonimiz turli xil xastaliklarni tabiat in’om etgan shifobaxsh giyohlar bilan davolagan. Abu Ali ibn Sino o‘zining mashhur “Tib qonunlari” asarida mamoqaymoqni (o‘sha davrda “Taraxshaqum” deb atashgan) shifobaxsh xususiyatlarini batafsil bayon qilgan. Mamoqaymoq jigar va o‘t pufagi xastaliklarida, jigardagi tiqilmalarni ochish va safro haydash uchun eng yaxshi vositalardan biri deb hisoblagan. Jigar shishlarini davolashda uning sutini tavsiya qilgan. Ko‘z kasaliklarida mamoqaymoqning yangi uzilgan poyasidan chiqadigan oq sutini (shirasini) ko‘zga tushgan oqni (kataraktani) davolash va ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun ishlatgan.
Shuningdek teridagi toshmalar, ekzema va boshqa yaralarni davolashda o‘simlikning yangi sharbatini tashqi tomondan surtishni buyurgan. Olimlarning aniqlashicha mamoqaymoq ildizi 48 soat ichida saraton hujayralarining 98 foizini o‘ldirishi mumkin ekan. Buni tayyorlash uchun bir choy qoshiq maydalangan ildizi qaynoq suvga solinadi, taxminan 20-30 daqiqa davomida tindiriladi. Ana shunda choy ildizdan barcha foydali xususiyatlarini o‘ziga olar ekan. Albatta, bu kabi damlamalarni shifokor maslahati ila ichish maqsadga muvofiqdir.
Gullar olami ana shunday sirli hilqatdir. Ular shoirlar va qalam ahliga ilhom baxsh etadi. Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Binafsha” she’ridan misol keltirishni lozim topdim:
Bahor kelsa bog‘larda,
Turfa gullar to‘ladi.
Hali biri ochilmay,
Biri qurib so‘ladi.
Asil gulning hamisha
Umri qisqa bo‘ladi.
Binafshajon, binafsha
Yuragi qon binafsha.
Yerga boqmay yoninga,
Kimlar kelib ketadi.
Ko‘rib qolsa gulfirush,
Seni bozor eltadi.
Men bo‘yinga termilib
O‘tirsam –shu yetadi.
Binafshajon, binafsha...
Darhaqiqat, ko‘klam – go‘zallik fasli. Bu go‘zallikdan bahramand bo‘lish uchun o‘zimiz yashayotgan olamni sevishimiz, uni qadriga yetishimiz, asrab-avaylamog‘imiz lozim.
Marhamat Matvafoyeva,
biologiya fanlari nomzodi.
O‘zA