Quyi Chirchiqning oltin kuz manzarasi
Oltin kuzning eng go‘zal va fusunkor pallasi fotosurat ustalari uchun o‘ziga xos ilhom bag‘ishlaydi. Xazonrezgi bog‘lar, kechki hosil yig‘ilayotgan dalalar, sarxil meva-sabzavotlarning yorqin ranglaridan kishining ko‘zini quvnaydi.

Shu maqsadda Quyi Chirchiq tumanining “Madaniyat” MFY hududida ekoturizm yo‘nalishida o‘ziga xos media-tur o‘tkazildi. Unga respublikamiz, viloyat va hududiy nashrlarning fotograflari taklif etildi. Tashkilotchilar tomonidan suratlar uchun kerakli detallar, personajlar, ishchi muhit, o‘ziga xos tasvirga olish maydonchasi tashkil etildi.

E’tiborlisi bu hududning kuzgi tarovati judayam go‘zal, ko‘rkam daraxtlar qirmizi rangga burkangan. Bu yerga kelgan inson borki ijod qilgisi, beixtiyor qo‘lidagi telefon kamerasiga tabiatning go‘zal manzaralarini suratga olgisi keladi.
Tadbir davomida poliz va bog‘ mahsulotlari ko‘rgazmalari, folklor jamoalarning chiqishlari ham namoyish etildi. “Ona zamin saxovati fotosuratchilar nigohida” mavzusida tashkil etilgan fotosuratlar tanlovida olingan eng yaxshi fotolar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi.

– Toshkent viloyatining o‘ziga xos tabiatini fotosuratlarga muhrlashni yaxshi ko‘raman, – deydi "Yoshlar kundaligi" gazetasi foto muxbiri Abdulaziz Abdurashidov. – Bu gal ham o‘zimiz uchun unutilmas mahorat maydoni bo‘ldi. Juda ko‘p suratlar oldik. Hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik.
A.Musayev,
O.G‘ulomov (surat), O‘zA