Quvayt kompaniyasi vakillari Jizzaxda
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev Quvayt davlati “Gulf Carye Gyenyeral Trad” kompaniyasi boshqaruv vakillari Ali Mohamed Amer Ali, Abdulkadir Yusuf va Abdulla Il Arabiyni qabul qildi.
“Gulf Care General Trade” kompaniyasi nafaqat Quvaytda, balki Fors ko‘rfazi davlatlarida tibbiyot jihozlari yetkazib berish, tibbiy va laboratoriya xizmatlari ko‘rsatishda yetakchilardan sanaladi.

Tuman hokimi, nufuzli mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijlik investorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, tuman salohiyati, imkoniyatlari, sharoitlari, mehnatkash xalqi, tumanning ijtimoiy infratuzilmasi xususida gapirib berdi.

O‘z navbatida, quvaytlik mehmonlar Sharof Rashidov tumanida zamonaviy tibbiyot klinika hamda laboratoriyalar tashkil etish, sifatli va arzon dori-darmonlar yetkazib berish borasida o‘z rejalarini bayon etdi.

Mazkur uchrashuvda tumanda zamonaviy markazlashgan diagnostika laboratoriya markazini tashkil qilish va chet el darajasida yangi davolash usullarini olib kelish bo‘yicha kelishib olindi.

Ali Mohamed Amer Ali quvaytlik hamrohlari nomidan tuman hokimligiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, tuman xalqi, tuman tibbiyot faoliyati ularda yaxshi taassurot qoldirganini ta’kidladi.
A.Qayumov,
O‘zA