Quvasoyda Italiya qulupnaylari pishdi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati quvasoyliklar nafaqat ishlab chiqarish yoki savdo-sotiqning, balki dehqonchilikning ham hadisini olishgan. Hududda tomorqaning har bir qarich yeridan ham mo‘may daromad topayotgan oilalar soni tobora ortib bormoqda.
«Bog‘bon» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Ro‘zivoy Mamajonov ham ana shunday mirishkor dehqonlardan biri. U 35 sotix yerga qulupnay ko‘chatini ekib, parvarishladi. Dastlab qulupnayning «Chyorniy prins» navini ekib, parvarishladi va undan yaxshi daromad oldi. Bugungi kunga kelib esa 50 sotix yerda qulupnayning 10 ga yaqin navlarini yetishtirmoqda. U o‘tgan yildan buyon asosan Italiyadan keltirilgan qulupnay navlarini parvarishlashni yo‘lga qo‘ydi.
[gallery-25279]
Ayni damda «Klevi», «Albion», «Murano», «Alba», «San Andreas», «Kabrilla» kabi qulupnay navlarini parvarishlamoqda. Dehqonchilikning hadisini olgan mirishkor qulupnay yetishtirishda tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ygan. Bu esa ortiqcha sarf-xarajat va mehnat hamda suv isrofgarchiligining oldini olmoqda.
Ro‘zivoy Mamajonov tanlagan sohasini yanada rivojlantirish, izlanishlari natijasida yozning issiq kunlarida ham qulupnay hosilini olishni udaladi. Buning uchun issiqxona barpo etib, maxsus sovutish uskunalar yordamida parvarishlamoqda.
Farg‘ona viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining fitosanitar davlat inspektorlari maslahati bilan hosil sog‘lom va sifatli parvarishlanmoqda. Mutaxassislarning vaqtida ko‘rsatma berishi bog‘bon, dehqonlarga juda katta yengilliklar bermoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA