“Quvasoy” oromgohiga kubok topshirildi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat kengashi tomonidan Quvasoy shahridagi “Vodiy gavhari” bolalar oromgohida “Besh tashabbus – oromgohda” shiori ostida Kasaba uyushma kubogi uchun ko‘rik-tanlov tashkil etildi.
Mazkur tanlovda “Vodiy gavhari”, “Humo” va “Quvasoy” oromgohlarida dam olayotgan bolalar rasm chizish, raqs, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi, kompyuter savodxonligi, yosh kitobxon, hunarmandchilik, stol tennisi, shashka, suzish bo‘yicha bellashdilar.
G‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun bolajonlar bor kuch va g‘ayratini, iste’dodini namoyon etishdi. Ayniqsa, suzish, stol tennisi, shashka musobaqalari shiddatli o‘tdi. Ishtirokchi jamoalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.
- Men bu tanlovda ishtirok etib, suzish bo‘yicha 1-o‘rinni egalladim, - deydi “Humo” oromgohi dam oluvchisi Edim G‘aniyev. - Musobaqa g‘olibi bo‘lganimdan xursandman. Kasaba uyushmalari tomonidan berilgan 1-darajali diplom va sovg‘ani ota-onamga olib boraman.
[gallery-12777]
- Kitob mutolaa qilishni yaxshi ko‘raman. Oromgohimiz kutubxonasida bir-biridan qiziqarli kitoblar bor. Ularni ko‘pining o‘qib tugatdim. Bugungi tanlovning “Yosh kitobxon” yo‘nalishida g‘olib bo‘lishimda ana shu o‘qiganlarim asqatdi. Bu hayotimdagi ilk katta muvaffaqiyatim bo‘ldi, - deydi g‘oliblardan yana biri Zebo Azizova.
Tanlovning qolgan yo‘nalishlari bo‘yicha ham peshqadamlar aniqlanib, ularga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Kasaba uyushma kubogi esa barcha yo‘nalishlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan “Quvasoy” bolalar oromgohi tarbiyalanuvchilariga berildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA